Jahon | 09:20 / 16.05.2024
2022
3 daqiqa o‘qiladi

YeI kengashi Rossiya tashviqotiga qarshi sanksiyalar bo‘yicha kelishib oldi

Yevropa Ittifoqi elchilari Rossiyaga aloqador Voice of Europe portali, shuningdek, RIA «Novosti», «Rossiyskaya gazeta» va «Izvestiya» nashrlariga qarshi sanksiyalarni ma’qulladi.

Foto: Pond5 Images/IMAGO

Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya propagandasiga qaratilgan yangi sanksiyalar bo‘yicha kelishuvga erishdi. 15 may, chorshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elchilari Chexiyada joylashgan rossiyaparast Voice of Europe internet-portalini, shuningdek, Rossiyaning uchta ommaviy axborot vositasi - RIA «Novosti», «Rossiyskaya gazeta» va «Izvestiya» nashrlari faoliyatini YeI hududida taqiqlashga rozilik berdi.

Taqiq ushbu ommaviy axborot vositalarining veb-saytlariga kirishga ta’sir qiladi, deb xabar beradi mustaqil matbuot. Yevropa Ittifoqi ularni Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi fonida «rus tashviqotini» tarqatishda ayblaydi. Endilikda bu sanksiyalar yozma tartib orqali rasman tasdiqlanadi, deya xabar beradi AFP diplomatlarga tayanib.

Voice of Europe portali atrofidagi mojaro

Yevropada rus propagandasi bilan bog‘liq yangi mojaro mart oyida, Chexiya hukumati Yevropada Rossiya davlati tashviqotini tarqatish va yevropalik siyosatchilarga pora berish bilan shug‘ullangan «Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan ta’sir tarmog‘i» topilganini e’lon qilganidan so‘ng avj oldi. Germaniyaning Der Spiegel nashri va Chexiyaning Denik N gazetasi tomonidan tafsilotlar e’lon qilindi. Ularga ko‘ra, sxemaning bir qismi Voice of Europe yangiliklar sayti bo‘lib, tarmoq markazida «Muxolifat platformasi - hayot uchun» sobiq rossiyaparast Ukraina partiyasi rahbari va Rossiya prezidentiga yaqin shaxs Viktor Medvedchuk turgan.

Politico nashrining xabar berishicha, Voice of Europe orqali chiqish qilgan Yevropa Ittifoqining 16 nafar deputati aniqlangan, ularning barchasi - o‘ta o‘ng qanot siyosatchilari. Chexiyalik jurnalistlar pul oluvchilarning aniq ismlarini aytmadi, lekin ta’kidlashicha, sayt, xususan, «Germaniya uchun muqobil» (GuM) o‘ng qanot populistik nemis partiyasi siyosatchisi - Yevropa parlamenti a’zosi Maksimilian Kra, shuningdek Bundestag deputati Petr Bistron bilan intervyularni chop etgan.

Belgiya bosh vaziri Aleksander de Kroo Bryusselda jurnalistlar bilan uchrashuvda mamlakat federal prokuraturasi Rossiyaning iyun oyi boshida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Yevropa saylovlariga aralashuvi yuzasidan surishtiruv boshlaganini ma’lum qildi. Belgiya razvedka xizmatlari Yevropa Ittifoqining Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga putur yetkazish maqsadida «bir qancha Yevropa mamlakatlarida» faoliyat yuritayotgan Rossiya razvedka tarmog‘i mavjudligini tasdiqladi, dedi de Kroo.

Mavzuga oid