Jahon | 10:06 / 20.05.2024
3483
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Xarkiv viloyatini o‘qqa tutishi oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi

Xarkiv yaqinidagi dam olish markaziga uyushtirilgan hujum va viloyatning Kupyansk tumani o‘qqa tutilishi natijasida 10 kishi halok bo‘ldi.

Foto: Telegram / synegubov

Rossiya qo‘shinlari Xarkiv yaqinidagi Cherkasskaya Lozovaya qishlog‘idagi dam olish markaziga hujum qildi, deb xabar berdi shahar meri Igor Terexov 19 may, yakshanba kuni o‘zining Telegram-kanalida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dam olish maskani hududiga ikkita raketa zarbasi berilgan. Hujum oqibatida besh kishi, jumladan, homilador ayol halok bo‘lgan. Yana 16 nafar tinch aholi, jumladan 8 yoshli qiz yaralangan. Bu haqda Xarkiv viloyati rahbari Oleg Sinegubov ma’lum qildi. Uning aniqlik kiritishicha, Rossiya Qurolli kuchlari o‘qqa tutish vaqtida «Iskandar-M» raketalarini qo‘llagan. 

Bundan tashqari, Kupyansk tumani o‘qqa tutildi, u yerda hujumlar natijasida besh kishi halok bo‘ldi, yana to‘qqiz kishi yaralandi, deb yozadi Sinegubov. 

Rossiya yangi hujumi fonida Xarkiv viloyatini o‘qqa tutishni kuchaytirdi 

10 may kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Xarkiv viloyatidagi chegara hududlarini o‘qqa tutishni keskin kuchaytirdi. Shu kuni ular bir qancha hududlarda hujum uyushtirdi va keyinroq bir qancha aholi punktlarini nazorat ostiga oldi.

18 may, shanba kuni kechqurun Xarkiv Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan navbatdagi hujumga uchradi. Oqibatda 6 kishi jabrlangan, deb xabar berdi mahalliy hokimiyat. 

17 may, juma kuni Vladimir Putin Rossiya armiyasi «bugungi kunda» Xarkivni egallashni rejalashtirmaganini aytdi. U hujum operatsiyasini Ukraina Qurolli kuchlari chegara hududlarini o‘qqa tutgani sababli Rossiyaning Ukraina bilan chegarasida «sanitar zona» yaratish istagi bilan izohladi. 

Mavzuga oid