O‘zbekiston | 18:36 / 27.05.2024
8494
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Rossiya bilan hamkorlikda kam quvvatli AES qurilishi haqida gapirdi

“Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha brifingda energetika sohasidagi strategik hamkorlikni kuchaytirish haqida gapirib o‘tdi.

O‘tgan yili Rossiya tabiiy gazini O‘zbekistonga yetkazib berish boshlangan edi. Bugungi muzokaralar davomida gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mahalliy korxonalar negizida uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha loyihani amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi.

“Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlamoqda. Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, – dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq Rossiya hukumati O‘zbekistonda 2,4 GW quvvatli yirik atom elektr stansiyasi bilan birga, har birining quvvati 55 MWgacha bo‘lgan 6 ta reaktordan iborat kichik AES ham qurmoqchi ekani xabar qilingandi

Mavzuga oid