O‘zbekiston | 16:54 / 29.05.2024
13165
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq bankining sobiq bosh ofisi qariyb 120 mlrd so‘mga sotildi

Restoran biznesi bilan shug‘ullanuvchi “Oasis Samarkand” kompaniyasi binoni 119,7 mlrd so‘mga sotib oldi. Ikki ishtirokchi o‘rtasida o‘tgan auksionda faqat ushbu kompaniya taklif bergan.

Foto: E-auksion

24 may kuni E-Auksion saytida Xalq bankining sobiq bosh ofisi binosi sotuvi yakunlandi. Qatortol bozori yaqinida joylashgan obekt, Oasis Samarkand kompaniyasiga, 119,7 mlrd so‘mga sotildi. Bunga Spot.uz nashri e’tibor qaratdi.

Bino bank kuzatuv kengashining 2024 yil boshidagi qaroriga muvofiq onlayn auksionga qo‘yilgan; boshlang‘ich narxi – 114 mlrd so‘m bo‘lgan. Savdo oshirib borish uslubida o‘tkazilgan.

Auksion 15 daqiqa davom etgan, unda ikki ishtirokchi qatnashgan. “Oasis Samarkand” taklif bergan yagona ishtirokchi bo‘lib, boshlang‘ich narxdan 5 foiz yuqori narx, 119,71 mlrd so‘m taklif bilan g‘olib bo‘lgan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, g‘olib “Oasis Samarkand” MChJ 2013 yilda Samarqand shahrida tashkil qilingan. Faoliyati – restoranlar va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, ustav fondi – 2,26 mlrd so‘m. Kompaniyaning 100 foiz ulushdori – Dalerov Amir Dilshodovich.

Bino 1995 yilda qurilgan bo‘lib, Toshkent shahri Chilonzor tumani Qatortol ko‘chasida joylashgan. Yer uchastkasining umumiy maydoni 0,5 gektar bo‘lib, olti, besh va ikki qavatli uchta ofis binolarini o‘z ichiga oladi. Binolarning umumiy maydoni 9242 kvadrat metrni tashkil qiladi. Bino bilan birga umumiy quvvati 50 kW/h quyosh panellari ham sotilgan.

Mavzuga oid