O‘zbekiston | 21:48 / 04.06.2024
11341
6 daqiqa o‘qiladi

16 yoshga to‘lganlarga moped va skuterlarni guvohnomasiz boshqarishga ruxsat berilishi mumkin

Strategik islohotlar agentligi haydovchilik guvohnomalarining kichik toifalarini joriy etishni taklif qilmoqda. Agentlikka ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan shaxslarga tezligi 50 km/soatdan oshmaydigan yengil mototransport vositalarini guvohnomasiz boshqarishga ruxsat berilishi, ayrim turdagi haydovchilik guvohnomalarini olishda avtomaktabda o‘qish majburiyati bekor qilinishi kerak.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi transport vositalarini boshqarishga oid tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi.

Agentlikning qayd etishicha, transport vositalarining turlari ko‘payib borayotgan bugungi kunda ularni boshqarishga oid masalalar mukammal tartibga solinmagan bo‘lib, amaliyotda bitta guvohnoma bilan bir nechta turdagi transport vositasini boshqarish imkoniyati mavjud.

Bu esa, o‘z navbatida, tajribasi bo‘lmagan shaxslar va yoshlarga katta vazndagi yoki tezyurar transport vositalarini boshqarish imkoniyatini berib, yo‘l-transport hodisalari yuz berishi xavfini oshiradi.

Masalan, kam quvvatli skuter, kvadrosikl yoki tezyurar mototsiklni (150 km/soatdan ortiq) boshqarishda sezilarli farq mavjudligiga qaramasdan, “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olgan 16 yoshli fuqaro mazkur transport vositalarining barchasini boshqarish huquqiga ega bo‘lyapti.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, hozirda haydovchilik guvohnomalarining “A”, “B”, “C”, “D”, “BE”, “CE” va “DE” toifalardagi mavjud. Strategik islohotlar agentligi haydovchilik guvohnomalarining quyidagi kichik toifalarini ham joriy qilishni taklif etmoqda:

  • “A1” – mototransport vositalari (ish hajmi 50 sm kubdan 125 sm kubgacha bo‘lgan), shu jumladan xuddi shunday tavsiflarga ega bo‘lgan moped, skuterlar. Ya’ni “A1” toifadagi guvohnoma (moped va skuterlar) 16 yoshdan, “A” toifadagi (tezyurar mototsikllar) guvohnoma 18 yoshdan beriladi.
  • “B1” – trisikl va kvadrisikl (kvadrosikl);
  • “C1” – 3 500 kgdan ortiq va 7 500 kggacha bo‘lgan avtotransport vositalari;
  • “D1” – 8 dan ortiq va 16 dan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqqa ega yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari.

“Mazkur toifadagi haydovchilik guvohnomalarining joriy etilishi natijasida haydovchilarni tayyorlash jarayoni soddalashadi, muddatlar qisqaradi, yoshga doir talablar esa tabaqalashtiriladi. Xorijiy tajribani o‘rganish davomida kichik toifadagi haydovchilik guvohnomalari Rossiya, Qozog‘iston, Vetnam kabi davlatlarda joriy etilgani ma’lum bo‘ldi”, – deyiladi SIA axborotida.

Agentlik yuqoridagilarni o‘z ichiga olgan “Transport vositalarini boshqarishga oid tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasini ishlab chiqqan.

Ta’kidlanishicha, aholiga mahsulot yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatishda moped va skuterlar qulay transport vositasi hisoblanib, ular energiya nuqtayi nazaridan tejamkor, tirbandliklar yuzaga kelgan sharoitlarda ham tezkor faoliyat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Moped va skuterlar vositasida yetkazib berish xizmatlari hajmi oshib boryapti.

Hozirda mototransport vositalari soni taxminan 50 000 tani tashkil qiladi. Shuningdek, respublikada moped va skuterlarni ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunday transport vositalari 2023 yilda 9 300 ta dona ishlab chiqarilgan.

Yengil mototransport vositalarini 2024 yil 1 yanvarga qadar haydovchilik guvohnomalarini olmasdan boshqarishga ruxsat berilgan edi. Hozirda bu muddat yakuniga yetgani sababli barcha yengil mototransport vositalari haydovchilari haydovchilik guvohnomasini olishga majbur bo‘lmoqda.

Strategik islohotlar agentligi yengil mototransport vositalarini (tezligi 50 km/soatidan yuqori bo‘lmagan16 yoshga to‘lgan shaxslarga haydovchilik guvohnomalarini olmasdan boshqarishga ruxsat berishni taklif qilmoqda.

Bu borada o‘rganilgan xorijiy tajribadan ko‘rinishicha, Viyetnam qonunchiligiga asosan, ish hajmi 50 sm kubgacha bo‘lgan ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lgan mototransport vositalarini 16 yoshdan boshlab haydovchilik guvohnomasini olmasdan boshqarishga ruxsat berilgan.

Bundan tashqari, hozirgi vaqtda “V” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha imtihonga kirish uchun majburiy tartibda maxsus kurslardan o‘tganlik to‘g‘risida hujjat taqdim etish zarur. Ushbu kurslardan o‘tish ma’lum vaqt va ortiqcha xarajatlarni talab qiladi.

Misol uchun, “V” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun maxsus kurslarda o‘rtacha 3–6 oy davomida tayyorgarlikdan o‘tiladi hamda 1,5–2 mln so‘m xarajat qilinadi.

Xorijiy tajribaga ko‘ra, AQSh, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya va Qozog‘istonda haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha imtihonlarga talabgorlar mustaqil ravishda tayyorlanib kirishlariga ruxsat berilgan.

Bu masalaga SIA taklif etayotgan yechimga ko‘ra, “A”, “A1”, “B” va “B1” toifalardagi haydovchilik guvohnomalarini olish uchun talabgorlar o‘zlari tayyorlanib, imtihon topshirishiga ruxsat berilishi kerak.

Mazkur tartibga ko‘ra talabgorning transport vositasini boshqarishga tayyorligi imtihon orqali aniqlanadi va aholida maxsus kurslarni o‘tash uchun sarflanadigan vaqt va xarajatlar tejaladi, deyiladi agentlik izohida.

Mavzuga oid