Jahon | 21:35 / 08.06.2024
10413
2 daqiqa o‘qiladi

NATO Ukraina uchun 100 milliard dollarlik jamg‘arma rejasidan voz kechdi – OAV

NATO bosh kotibi ushbu masala bo‘yicha alyansning ayrim a’zolari qarshiligiga duch kelgan.

Foto: Andrew Kravchenko/Bloomberg

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukraina uchun 5 yilga mo‘ljallangan harbiy yordam ko‘rsatish jamg‘armasini yaratish rejasidan voz kechadi. Bu haqda Bloomberg vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi. Jamg‘arma hajmi 100 milliard dollar bo‘lishi taxmin qilingan edi.

Stoltenberg endi ittifoqchilarga Ukrainaga yordam berish uchun yiliga kamida 40 milliard yevro (43 milliard dollar) sarflashni taklif qilmoqchi. Bloomberg manbalarining ta’kidlashicha, bu Rossiyaning keng miqyosli bosqinidan keyingi o‘rtacha yillik badallarga mos keladi.

Taxminlarga ko‘ra, bu mablag‘ning yarmi AQSh tomonidan ajratiladi. Bloomberg suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, NATO har bir mamlakat uchun miqdorni YaIM hajmiga qarab belgilaydi.

«Men ittifoqchilardan kelgusi yillar uchun majburiyatlarni zimmaga olishni so‘rayman. Biz har yili va zarur bo‘lgan vaqt davomida hech bo‘lmaganda shu darajada qo‘llab-quvvatlashimiz kerak», degan edi Stoltenberg may oyi oxirida Pragadagi NATO tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishidan so‘ng.

Stoltenbergning yangi rejasi yangi mablag‘ ajratishni nazarda tutmaydi, biroq NATO Kiyevga kelgusi yillarda qo‘llab-quvvatlash darajasi bo‘yicha ko‘proq ishonch bag‘ishlashni kutmoqda, deb ta’kidladi nashr.

Avvalroq Bloomberg Stoltenberg iyul oyidagi NATO sammitida 100 milliard dollarlik yordam jamg‘armasini yaratishni taklif qilishini yozgan edi. Bu tashabbus Donald Tramp AQSh prezidentligiga qaytgan taqdirda, Ukrainaga uzluksiz yordam ko‘rsatishning ishonchli mexanizmini yaratish rejasining bir qismiga aylanishi taxmin qilingan edi.

Mavzuga oid