O‘zbekiston | 16:03 / 13.06.2024
4812
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilish sabab poytaxtdagi maktabdan 38 tup daraxt ko‘chirilyapti

Shayxontohur tumani 42-maktab hududidagi 38 tup daraxt boshqa joyga ko‘chirilayotgani ma’lum qilindi. Bu maktab hududiga qo‘shimcha bino qurish rejalashtirilgani bilan bog‘liq.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan  42-maktab hududidagi daraxtlar kesilmasdan, ko‘chiriladigan bo‘ldi, deb ma’lum qilgan shahar Ekologiya boshqarmasi vakili “Millar” ko‘rsatuviga bergan izohida.

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab hududidagi daraxtlar kesib tashlanadi degan har xil gap-so‘zlar chiqdi. Aslida daraxtlar tag qismidan kesilmaydi. 464-sonli qarorga asosan barcha agrotexnik qoidalarga rioya qilgan holatda boshqa joyga ko‘chiriladi”, – dedi shahar ekologiya boshqarmasi bioxilmaxillikni asrash va kadastrni yuritish bo‘limi boshlig‘i Tursunpo‘lat Egamov.

Maktab hududidagi daraxtlarning ko‘chirilish sababini Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Annaqulov tushuntirgan. Unga ko‘ra, prezidentning 2023 yil 25 dekabrdagi 404-sonli qaroriga muvofiq 960 o‘rinli qo‘shimcha bino qurish rejalashtirilgan, shu munosabat bilan huddudagi 38 dona daraxt boshqa yerga ko‘chirilyapti.

Daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish shahar Ekologiya boshqarmasi tomonidan belgilangan. Ko‘chirib o‘tqazish imkoniyatiga ega bo‘lgan tashkilot bilan shartnoma imzolaganmiz. Davlat budjetidan mablag‘ ajratilgan. Daraxtlar sog‘lom tarzda ko‘chirib o‘tqazish ta’minlanadi. Tashkilotga 3 yil davomida daraxtlarga qarash majburiyati yuklatilgan”, – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq sobiq MXX binosi hududidagi 53 tup daraxt Qibray tumaniga tegishli tashkilotlar ruxsatisiz ko‘chirib o‘tqazilgani ma’lum bo‘lgan edi. Bosh prokuratura daraxtlarni ko‘chirgan “Muna Mug” kompaniyasi va mas’ullarga jinoyat ishi ochgandi.

Mavzuga oid