Jahon | 08:32 / 14.06.2024
14519
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya floti kemalari ortidan AQSh suvosti kemasi ham Kuba qirg‘oqlariga yaqinlashdi

AQShning atom suvosti kemasi portga «odatiy» tashrifi doirasida Guantanamo ko‘rfaziga kirdi. Avvalroq Rossiyaning to‘rtta harbiy kemasi Kubaga yetib kelgan edi.

Foto: AP

Rossiya harbiy kemalari Havana portiga kirganidan bir kun o‘tib Karib dengizidagi Kubaning janubi-sharqiy qirg‘oqlariga AQSh harbiy-dengiz kuchlarining atom suvosti kemasi yetib keldi. AQSh Janubiy qo‘mondonligi X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berishicha, USS Helena hujumkor suvosti kemasi «portga odatiy tashrifi doirasida Kubaning Guantanamo ko‘rfazida bo‘lib turibdi».

Amerika suvosti kemasi «dengizda milliy xavfsizlik va global xavfsizlikni ta’minlash» vazifasini bajarmoqda», deyiladi bayonotda. Shuningdek, «kemaning joylashuvi va tranziti avvalroq rejalashtirilgani» aytiladi. 

AQSh Rossiya kemalarini tahdid deb hisoblamayapti, lekin ularni diqqat bilan kuzatyapti 

Pentagon rasmiy vakili o‘rinbosari Sabrina Singxning aytishicha, Rossiya harbiy kemalari tashrifi Qo‘shma Shtatlar uchun xavf tug‘dirmaydi, biroq ular harakati diqqat bilan kuzatilmoqda. «Bu ajablanarli emas. Biz ularning portga shunga o‘xshash tarzda kirib kelganini avval ham ko‘rganmiz», dedi Singx 12 iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. 

Rossiya floti kemalarining Kubaga kelishi 

Rossiyaning «Kazan» atom suvosti kemasi, «Sovet Ittifoqi floti admirali Gorshkov» fregati, «Akademik Pashin» o‘rta dengiz tankeri va «Nikolay Chiker» qutqaruv buksiri Havana portiga yetib keldi, deb xabar qildi 12 iyun kuni Rossiya Mudofaa vazirligi.

«Sovet Ittifoqi floti admirali Gorshkov» fregati va «Kazan» atom suvosti kemasi zamonaviy yuqori aniqlikdagi raketa qurollari, shu jumladan «Tsirkon» gipertovushli raketalari, «Kalibr» qanotli raketalari va «Oniks» kemalarga qarshi raketalarining tashuvchilari hisoblanadi», deb eslatadi Rossiya Mudofaa vazirligi. 

Mavzuga oid