AQSh sanksiyalari tufayli YeI Rossiya aktivlarini blokdan chiqarishdan bosh tortdi
Rossiya Federatsiyasi Milliy hisob-kitob depozitariysi qora ro‘yxatga kiritilganidan so‘ng Euroclear Rossiya kompaniyalari aktivlarini blokdan chiqarish jarayonini to‘xtatdi, deb yozadi RBK hujjatga tayanib.
RBK ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropaning Euroclear depozitariysi AQSh yangi sanksiyalari tufayli Rossiya aktivlarini blokdan chiqarishni to‘xtatdi. Vashington Rossiya Federatsiyasining Milliy hisob-kitob depozitariysini (MHD) qora ro‘yxatga kiritgach, Bryussel uning ishtirokidagi aktivlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha barcha jarayonlarni to‘xtatdi, deb yozadi rus nashri 15 iyun, shanba kuni Euroclear kompaniyasining mijozlarga yo‘llagan xatiga tayanib.
Hujjatda aytilishicha, depozitariy sanksiyalarning Euroclear Bank’ga ta’sirini tahlil qilmoqda. «Keyingi xabarga qadar, MHD bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan aktivlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlari to‘xtatildi», deya ta’kidlanadi ma’lumotda.
Hujjatning haqiqiyligini RBK’ga Mind Money Yevropa brokeri rahbari Yuliya Xandoshko tasdiqladi. O‘z navbatida, BGP Litigation yuridik firmasining hamkori Sergey Glandin belgiyalik hamkorlar ma’lumotlariga tayanib, Euroclear tanaffus olganini bildirdi. RBK’ga bergan intervyusida ekspertlarning tushuntirishicha, Yevropa depozitariysi MHD ishtirokida aktivlarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatib qo‘yishi Rossiya kompaniyalari aktivlarini blokdan chiqarish jarayonini muzlatish bilan barobar.
OAV: Rossiya kompaniyalari S tipidagi hisoblardan Euroclear pullarini olgan
Avvalroq Rossiyaning bir nechta kompaniyalari Euroclear mablag‘larini S toifadagi hisobvaraqlardan qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berilgan edi, bunda Moskva «do‘st bo‘lmagan» norezidentlarga tegishli qimmatli qog‘ozlardan tushgan daromadlarni bloklaydi. Rosbank hamda «Gazprom» va VEB.RFning shu’ba korxonasi bo‘lgan «Lider» boshqaruv kompaniyasi sudda g‘alaba qozonganidan keyin pul mablag‘larini qaytarishda muvaffaqiyatga erishdi, deb yozadi «Vedomosti» jarayon bilan tanish bo‘lgan ismi oshkor etilmagan suhbatdoshiga tayanib.
Shu bilan birga, arbitraj sudlari Euroclear’ga qarshi to‘rtta da’voni qanoatlantirdi – Rosbank, «Lider», Ms banki va «Sankt-Peterburg» bankining, yakka tartibdagi investor tomonidan Euroclear’ga qarshi yana bir da’vo esa umumiy yurisdiksiya sudi tomonidan qanoatlantirildi, deya qayd etdi nashr. Bu ishlar bo‘yicha jami 18,4 milliard rubl (taxminan 193,3 million yevro) musodara qilinishi mumkin.
Belgiyada joylashgan Euroclear depozitariysi Moskvaning Ukrainadagi urushi sababli joriy etilgan sanksiyalar natijasida muzlatilgan Rossiya aktivlarini saqlaydi.
MHDga qarshi sanksiyalar
12 iyun kuni AQSh Moliya vazirligi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga aloqador shaxslar va kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Ro‘yxatga 33 kishi hamda Rossiya va boshqa mamlakatlarda ro‘yxatdan o‘tgan 300 ga yaqin korxona va tashkilot kiritilgan.
Cheklovlarga Moskva birjasi, Milliy kliring markazi va Rossiya Federatsiyasining Milliy hisob-kitob depozitariysi kirdi. Keyinchalik, Britaniya AQShning ushbu sanksiyalariga qo‘shildi.
Mavzuga oid
11:08 / 10.12.2024
2015 yildan beri Suriyada 540 nafardan ortiq Rossiya harbiysi halok bo‘ldi
21:19 / 09.12.2024
Ukraina rasmiylari Telegram ilovasidan foydalanishni kamaytirdi – OAV
18:06 / 09.12.2024
«Men va Putin» - Turkiya prezidenti dunyoda faqat ikki yetakchi qolganini aytdi
16:51 / 09.12.2024