Samarqandda 3 yoshli qizini sotmoqchi bo‘lgan ayol 6 yilga qamaldi
Paxtachi tumanida yashovchi 34 yoshli ayol o‘z farzandini 150 mln so‘m va 5 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lganida tezkor tadbirda qo‘lga olingan. U sudda ushbu jinoyatga turmush o‘rtog‘iga achchiq qilib qo‘l urganligini bildirgan.
Samarqandda 3 yoshli farzandini sotib yubormoqchi bo‘lgan 34 yoshli ayolga sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Hukmda keltirilishicha, 5 farzandning onasi bo‘lgan F.M. o‘zining 2021 yil iyul oyida tug‘ilgan qizini 150 mln so‘m va 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pulga sotmoqchi bo‘lgan. U 2024 yil 9 aprel kuni kelishilgan puldan 5 ming AQSh dollarini olib, voyaga yetmagan farzandini “xaridor”ga bergan vaqtida tezkor tadbirda qo‘lga olingan. F.M. pulni bankda hisob raqam ochib, shunga qo‘ymoqchi bo‘lgan.
Sudda so‘roq qilingan ayol “xaridor” bir necha bor farzandlaridan birini unga berishni so‘raganligini, ammo o‘zi buni istamaganligini, turmush o‘rtog‘i bilan shu masalada janjallashib qolganligini bildirgan.
“Janjaldan so‘ng turmush o‘rtog‘im uydan chiqib ketib, kechda mast holatda qaytdi. U bilan ertalabgacha og‘zaki janjallashib chiqdik. Ertalab turmush o‘rtog‘im kuningni o‘zing ko‘r, deya uydan chiqib ketdi. Shundan so‘ng bolani so‘rayotgan ayol bilan ko‘rishdim. Bolamni sotish niyatim yo‘q edi, turmush o‘rtog‘imga achchiq qilib shu jinoyatga qo‘l urdim. Farzandimni yaxshi ko‘raman, uni hech kimga bermayman”, degan ayol.
Sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lib, o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudining 2024 yil 20 iyundagi hukmi bilan F.M. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Oldinroq Qashqadaryoda 8 kunlik chaqalog‘ini 190 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan er-xotinga sud hukmi bilan jazo tayinlangandi.