Yevroparlamentariylar Vengriyani YeIda ovoz berish huquqidan mahrum qilishga chaqirdi
63 deputat Orbanning Putin va Si Jinping bilan uchrashuvlaridan so‘ng Vengriyaning Yevropa Ittifoqidagi ovoz berish huquqidan mahrum etilishini talab qiluvchi xatni imzoladi.
Yevroparlamentning 63 nafar a’zosi Yevropa Ittifoqi rahbariyatiga bosh vazir Viktor Orbanning yaqinda Moskva va Pekinga qilgan tashriflari tufayli Vengriyani YeIdagi ovoz berish huquqidan mahrum etish talabi bilan murojaat qildi. «Vengriyaning Yevropa Ittifoqi kengashidagi raisligi endigina boshlandi, bosh vazir Orban esa Yevropa Ittifoqi kengashi raisi rolini suiiste’mol qilish orqali allaqachon katta zarar yetkazdi», deyiladi Yevroparlament deputatlari bayonotida.
Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen, Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel va Yevroparlament raisi Roberta Metsolaga yo‘llangan maktub mualliflari Orbanning Rossiyada Vladimir Putin va Xitoyda Si Jinping oldiga tashrif buyurganida «u butun Yevropa Ittifoqi nomidan harakat qilayotgani haqidagi taassurotni ataylab yaratgani», garchi u aslida bunday vakolatlarga ega bo‘lmaganini ta’kidladi.
«Bunday xatti-harakatlar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning tashqi siyosat sohasidagi vakolatlari va imtiyozlarini tortib olishga teng», deyiladi hujjatda.
Yevrodeputatlar Orbanning «tinchlik missiyasini» qoraladi
Bundan tashqari, yevropalik parlamentariylar ta’kidlaganidek, Vengriya bosh vaziri YeI pozitsiyasiga zid bo‘lgan kun tartibini ilgari surmoqda. Xususan, ular Orbanning Rossiya keng ko‘lamli harbiy hujumidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainada Kiyev shartlarini hisobga olmagan holda har qanday holatda ham o‘t ochishni to‘xtatishga urinishlariga ishora qildi.
Vengriya hukumati rahbari «mavjud Yevropa Ittifoqi qarorlarini, butun qaror qabul qilish jarayonini, shuningdek, o‘ta muhim masalalar bo‘yicha Yevropa Ittifoqining birligini buzishga intilyapti», deb ta’kidlagan murojaat mualliflari.
Ular «nafaqat butun Yevropa Ittifoqining ishonchliligiga, balki hozirgi geosiyosiy vaziyatga yetkazilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha zararni cheklash uchun imkon qadar tezroq qat’iy choralar ko‘rishga» chaqirdi: «Buning uchun Vengriyaning to‘xtatilishi talab etiladi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, bu vaziyatni og‘zaki qoralashning hech qanday ta’siri yo‘q».
Orbanning Pekin, Moskva va Kiyevga safarlari
8 iyul kuni o‘zini «tinchlik kurashchisi» deb ko‘rsatuvchi Vengriya bosh vaziri Pekinda Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashdi. Orbanning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar asosiy mavzusi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish uchun tinchlik muzokaralarini boshlash yo‘lini topish bo‘lgan.
Avvalroq, 5 iyul kuni Vengriya hukumati rahbari e’lon qilinmagan tashrif bilan Moskvaga borib, u yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan edi. Orban Putinning uchta masala bo‘yicha fikrini o‘rganganini aytdi: turli tinchlik tashabbuslari, o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralari imkoniyatlari, shuningdek, urushdan keyingi Yevropa bo‘yicha qarashlari.
Bundan oldin Orban Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgan. O‘shanda Vengriya bosh vaziri Zelenskiyga avvaliga o‘t ochishni to‘xtatishni, keyin esa Rossiya bilan muzokaraga kirishishni taklif qilganini aytdi. Bunga javoban Ukraina prezidenti o‘z mamlakatiga adolatli tinchlik kerakligini bildirdi, shuningdek, Yevropa davlatlarini Rossiyadan himoyalanish uchun Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishga chaqirdi.
Orbanning xalqaro darajada tanqid qilinishi
Yevropa Ittifoqi Viktor Orbanning harakatlarini keskin tanqid qildi. «Tinchlantirish siyosati Putinni to‘xtata olmaydi, - deb yozgan, xususan, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen X ijtimoiy tarmog‘ida. - Faqat birlik va qat’iylik mamlakatda keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlikka yo‘l ochadi».
O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel va Germaniya kansleri Olaf Shols Vengriyaning Yevropa kengashiga raislik qilayotganiga qaramay, Orban «hech qanday holatda» Yevropa Ittifoqi manfaatlarini himoya qilmayotganini ta’kidladi.
«Yevropa Ittifoqining pozitsiyasi juda aniq: biz Rossiya urushini qoralaymiz, Ukraina bizning yordamimizga tayanishi mumkin», deb yozadi Shols X ijtimoiy tarmog‘ida.
Mavzuga oid
12:41 / 21.12.2024
Polsha sobiq amaldoriga Vengriyada boshpana berilganidan norozi
11:45 / 21.12.2024
Yevroparlamentda O‘zbekistonga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ochildi
21:33 / 20.12.2024
Viktor Orban Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishdan oldin Trampning inauguratsiyasini kutmoqchi
14:03 / 12.12.2024