“Pulingizni bir soatda 10 baravarga ko‘paytirib beraman” – O‘zbekistonda yangi moliyaviy piramida paydo bo‘ldi
Telegram’da paydo bo‘lgan “Uzbekiston investuz” kanali odamlarga 1,5 mln so‘m pulini 60 daqiqada 20 mln so‘m qilib qaytarib berishni va’da qilmoqda. O‘zini loyiha rahbari deb tanishtirgan Muhammadfozil Qodirov ismli yigit go‘yoki hammasi qonuniy ekani, litsenziyasi borligini aytib, “Fotoshop”da yasalgan soxta suratlar bilan odamlarni laqqa tushirmoqchi.
O‘zbekistonda yangi moliyaviy piramida paydo bo‘ldi. Telegram’dagi “Uzbekiston investuz” kanalida odamlarga pulini bir soatda ko‘paytirib berish va’da qilinmoqda. Kanalda bir nechta fuqaroning loyihaga pul tikib, katta miqdorda mablag‘ yutib olgani haqidagi videolavhalari joylashtirilgan.
“Uzbekiston investuz”ga 1 mln 250 ming so‘m tikkan edim. Bir soatda 14 mln 693 ming so‘m yutuq chiqdi. Hammalaringizga rahmat”, deya ta’kidlagan “loyiha mijozi” bo‘lgan ayol.
“Uzbekiston investuz”ga kirib, 1 mln 255 ming so‘m pul tashlab, 1 soatda 19 mln 693 ming so‘m yutib oldim. Ishonchli o‘yin ekan, sizlar ham o‘ynanglar”, degan yana bir “mijoz”.
Bu qanday loyiha ekanini aniqlash hamda shartlar bilan tanishish maqsadida mijoz sifatida “biznes” rahbari bilan bog‘landik. O‘zini Muhammadfozil Qodirov deb tanishtirgan yigit bu ishi davlat nazoratidan o‘tganini ta’kidladi. U loyihaga ishonishimiz uchun shaxsini tasdiqlovchi hujjatini hamda fotoshop dasturida tayyorlangan soxta sertifikat va litsenziyasini ham tashlab berdi.
Muhammadfozil Qodirovga ko‘ra, loyiha shartlari juda oddiy: pul tikasiz va bir soatdan so‘ng pulingizni 10-13 baravarga ko‘paytirib, qaytarib olasiz. Loyiha 5 ta tarifdan iborat bo‘lib, 300 ming so‘m to‘lagan 5-6 mln so‘mgacha, 500 ming so‘m to‘lagan 6 mln so‘mgacha, 800 ming so‘m to‘lagan 8 mln so‘mgacha, 1 mln so‘m to‘lagan 15 mln so‘mgacha hamda 1,5 mln so‘m to‘lagan 20 mln so‘mgacha “yutib olishi” mumkin ekan.
Pulni Akram Qurbonov ismli fuqaro nomiga ochilgan bank kartasiga tashlash so‘ralgan.
“Pulni o‘tkazasiz va chekini tashlaysiz. Keyin biz ishni boshlaymiz. 1 soatda pulingizni ko‘paytirib olasiz. Bizda yutqazish bo‘lmaydi. Ishimizni davlat o‘z nazoratiga olgan”, deya ta’kidladi Muhammadfozil Qodirov.
Loyiha rahbari “pulim nimaning hisobiga ko‘payadi?” degan savolga “Bizga birja foiz ajratadi”, deya javob qaytardi.
Katta ehtimol bilan Muhammadfozil Qodirov ismi va ushbu nomdagi ID karta ham soxta bo‘lishi mumkin. Bu o‘rinda aniq bo‘lgan yagona ma’lumot pul to‘planayotgan bank kartasi egasi Akram Qurbonov shaxsi hisoblanadi xolos.
Mazkur “biznes” navbatdagi moliyaviy piramida ekani yaqqol ko‘rinib turibdi. Chunki u hech qanday birja foizlari emas, “boshqalardan tushgan pul evaziga avvaliga bir nechta fuqaroga pulini ko‘paytirib berish hamda mijozlar soni ortib, katta mablag‘ yig‘ilganida birdaniga “quyon bo‘lish” sxemasi asosida tuzilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarni ochiq-oydin chuv tushirishga “shaylanayotgan” “Uzbekiston investuz”ni tekshirib ko‘rishi zarur. Agar vaqtida oldi olinmasa yana yuzlab insonlar bu aldov – navbatdagi moliyaviy piramida qurboni bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, “buncha pul tikib, shuncha mablag‘ oldim” deya video lavha tayyorlab berayotgan fuqarolarning ham javobgarligi masalasi ko‘rib chiqilishi kerak. Chunki aynan ular odamlarni ishontirib, moliyaviy piramidachilarning tegirmoniga suv quymoqda.
Kun.uz yurtdoshlarimizni yana bir bor bu kabi ishonchsiz, kafolatlanmagan va xavfli loyihalarga pul tikmaslikka chaqiradi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Mavzuga oid
18:26
Telegram 2024 yilda 1 milliard dollar daromad qildi
20:54 / 12.12.2024
Telegram 2024 yilda 15 milliondan ziyod kanal va guruhlarni blokladi
08:58 / 12.12.2024
Kun.uz surishtiruvidan so‘ng: “Halal Auto Leasing” firibgarlik sxemasiga nisbatan tergov boshlandi
21:19 / 09.12.2024