Iqtisodiyot | 13:36 / 23.07.2024
2981
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriya O‘zbekistonga avtomobillar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berishi mumkin 

Avstriyada ehtiyot qismlar ishlab chiqarish samarali yo‘lga qo‘yilgan. Shuning uchun O‘zbekiston Avstriya kompaniyalari uchun muhim bozorga aylanishi mumkin.

Foto: UzAuto Motors

Avstriyaning Die Presse gazetasida O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Unda ta’kidlanishicha, yangi bozorlarda kerakli o‘rinni egallashni istagan avstriyalik kompaniyalar o‘z faoliyatlarini, odatda, mahsulotlarni eksport qilishdan boshlaydilar. Agar bozor istiqbolli bo‘lsa, unda kompaniyalar o‘zlarining savdo markazlarini ochadi. Bir muncha vaqt o‘tgach, ular yangi mamlakatda o‘z ishlab chiqarishlarini yaratishlari mumkin.

"Chevrolet rusumli avtomobillarning turli modellari O‘zbekistonda ancha keng tarqalgan. Michigan shtatidagi Detroytda joylashgan kompaniya O‘zbekistonda ishlab chiqarish quvvatlari ega. Asaka shahridagi General Motors zavodi avtomobillar ishlab chiqarishi uchun ehtiyot qismlar yetkazib beruvchilarni hamkorlikka taklif qilmoqda. Avstriyada ehtiyot qismlar ishlab chiqarish samarali yo‘lga qo‘yilgan. Shuning uchun O‘zbekiston Avstriya kompaniyalari uchun muhim bozorga aylanishi mumkin", – deyiladi materialda.

"Qariyb 20 yil davomida O‘zbekistonga qadoqlash uskunalarini yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi Avstriyaning Starlinger kompaniyasi vakili Volker Berger respublikani Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega mamlakat ekanligini va ularning katta qismini yoshlar tashkil qilishini ta’kidlab o‘tdi, – deb yozgan muallif, – Ulkan iqtisodiy salohiyatga ega O‘zbekistonga qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Agar Avstriya kompaniyalari O‘zbekiston bozorida faol bo‘lishni istasalar, unda mamlakat urf-odatlari va an’analarini o‘rganishlari lozim".

Maqolada, shuningdek, so‘nggi uch yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sishi 5,5-7,4 foizni tashkil etgani, 2023 yilda Avstriya kompaniyalari respublika bozoriga 131,8 million yevro qiymatidagi mahsulotlarni eksport qilgani ma’lum qilingan.

Mavzuga oid