Jahon | 14:12 / 25.07.2024
2728
2 daqiqa o‘qiladi

Ekologik faollar Frankfurt aeroporti ishini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi

«So‘nggi avlod» faollari o‘zlarini aeroportning uchish-qo‘nish yo‘laklariga yopishtirib qo‘yib, yotib olgan. Ular gaz, neft va ko‘mir qazib olish hamda ulardan foydalanishni to‘xtatishni talab qilmoqda.

Foto: Daniel Kubirski/picture alliance

Iqlim faollarining harakatlari tufayli 25 iyul, payshanba kuni Frankfurt-Mayn aeroportida havo qatnovi vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda federal politsiya vakili xabar berdi. Erta tongda bir necha namoyishchilar aeroport hududiga kirib, u yerda yerga yotib olishgan. 

«Hozirda politsiya tomonidan olib borilayotgan amaliyotlar tufayli uchish yoki qo‘nish amalga oshirilmayapti», — deyiladi aeroport saytida. Yo‘lovchilarga hozircha aeroportga bormaslik va aviakompaniya saytlarida parvozlar holatini oldindan tekshirish tavsiya etiladi. 

Aksiya tashkilotchisi – «So‘nggi avlod» harakati X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan xabarga ko‘ra, olti nafar faol uchish-qo‘nish yo‘laklarigacha kirib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Bayonot mualliflari xalqaro miqyosda gaz, neft va ko‘mir qazib olishga qarshi kurashish uchun kuchlarni birlashtirganliklarini va 2030 yilgacha ushbu foydali qazilmalarni qazib olish, ulardan foydalanishdan butunlay voz kechishni talab qilishganini bildirdi.

Bir kun avval, 24 iyul kuni iqlim faollari Kyoln/Bonn aeroportida uch soat davomida havo qatnovini to‘xtatib qo‘ydi. Namoyishchilarga qarshi yig‘ilishlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik, havo qatnoviga xavfli tarzda to‘sqinlik qilganlik va hududga noqonuniy kirishda ayblovi bo‘yicha ish ochilgan, dedi politsiya vakili. 

Mavzuga oid