O‘zbekiston | 07:50 / 27.07.2024
2117
3 daqiqa o‘qiladi

Uch hududda tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi

O‘zbekistonning uch hududida tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Andijon shahar bo‘limi va “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. “M-x.” MChJ mas’ul va boshqalar o‘zaro til biriktirgan. Ular “Islomobod” MFY, Toshkent ko‘chasi joylashgan toshni qayta ishlash sexida o‘rnatilgan elektr hisoblash uskunasining muhrlarini buzib, xotirasiga tashqi ta’sir o‘tkazish orqali tijorat maqsadida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,2 mlrd so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Xuddi shunday Andijon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda “Z.B.” MChJ mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, Andijon tumanidagi dori ishlab chiqarish sexida o‘rnatilgan elektr hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir o‘tkazish orqali tijorat maqsadida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 745,3 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “M.B.” fermer xo‘jaligi rahbari X.X. va boshqalar Qarshi shahri, Nasaf ko‘chasidagi ishlab chiqarish sexida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga 5 dona pech va qozonlarni o‘zboshimchalik bilan ulab, tijorat maqsadida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 761,6 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Shu kabi, departamentning Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro I.T. Yangi Yunusobod ko‘chasida umumiy ovqatlanish shoxobchasini tashkil qilib, tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 488,9 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan. 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid