Jahon | 08:01 / 03.08.2024
11362
5 daqiqa o‘qiladi

Bizga Rossiyani so‘nggi marta ko‘rib turganimizni aytishdi - sobiq siyosiy mahbuslar

Rossiya, Belarus va G‘arb o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvi doirasida ozod etilgan Ilya Yashin, Vladimir Kara-Murza va Andrey Pivovarov Bonndagi Deutsche Welle tahririyatida jurnalistlar bilan uchrashdi.

Foto: Florian Görner/DW

Rossiya koloniyalaridan ozod etilgan muxolifatchi siyosatchilar Vladimir Kara-Murza, Ilya Yashin va Andrey Pivovarov 2 avgust, juma kuni Bonndagi Deutsche Welle tahririyatida jurnalistlar bilan uchrashdi. Uchrashuv «DW na russkom» YouTube-kanalida onlayn translatsiya qilindi.

Vladimir Kara-Murza Talmuddagi «Xalqlar orasida solihlar» medalida tasvirlangan iborani esladi: «Kimki bir kishining hayotini saqlab qolsa, butun dunyoni qutqaradi». Uning ta’kidlashicha, Rossiya, Belarus va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi mahbuslar almashinuvi natijasida Rossiya Federatsiyasi va Belarus qamoqxonalarida saqlanayotgan 16 kishining hayoti saqlab qolingan. 

Kara-Murza Rossiyadan Turkiyaga uchayotgan samolyotda ozod etilgan siyosiy mahbuslarga hamrohlik qilgan fuqaro kiyimidagi «FSB» xodimining iborasini esladi: «Mana, qarang, siz o‘z vataningizni oxirgi marta ko‘ryapsiz». «Unga shunday dedim: men tarixchiman, nafaqat ishonaman va o‘ylayman, balki aniq bilamanki, men va barchamiz Rossiyaga albatta qaytamiz. Rossiya erkin, normal bo‘ladigan kun kelishini aniq bilaman, bu kun kelishiga mutlaqo shubham yo‘q», - dedi Kara-Murza. 

Andrey Pivovarov: Rossiyaliklar urushni qo‘llab-quvvatlamayapti 

Andrey Pivovarov rossiyaliklarni Rossiya rahbariyati olib borayotgan siyosat bilan bog‘lamaslikka chaqirdi. «Fursatdan foydalanib, G‘arb davlatlariga Rossiyadagi oddiy odamlarga e’tibor qaratishlari uchun murojaat qilmoqchiman», dedi u. Pivovarovning so‘zlariga ko‘ra, oddiy ruslar, tashviqot uni qanday ko‘rsatishga harakat qilmasin, urushni qo‘llab-quvvatlamaydi, lekin ular qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, chunki mamlakatdagi hozirgi sharoitda shunchaki omon qolishga harakat qilmoqdalar. U G‘arb davlatlarini, jumladan, Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlamaydigan oddiy ruslarning viza olishini qiyinlashtirmaslikka chaqirdi. 

Ilya Yashin qamoqxonada bo‘lgan birinchi kunidanoq u hech qanday almashinuv ro‘yxatiga kiritilmasligini so‘raganini aytdi. Yashinning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiyada qolish huquqi uchun so‘nggi kungacha kurashgan. Almashishdan bir necha kun oldin «FSIN» xodimlari uning kamerasiga kelib, afv so‘rash to‘g‘risidagi arizaga imzo chekishini talab qilishdi, ammo «men zolim deb bilganlardan hech qachon kechirim so‘ramasligim aniq ekanini aytdim». Yashin jurnalistlarga Rossiya Federatsiyasida qolishni talab qilgan bayonotini o‘qib berdi, u almashinuvdan oldin yozilgan. U o‘zining mamlakatdan chiqarib yuborilishini noqonuniy deb bilishini ta’kidladi.

Rossiyadan kelgan siyosiy mahbuslarni aeroportda Shols kutib oldi

Bir kun avval Rossiya, Belarus va G‘arb o‘rtasidagi yirik mahbus almashinuvi doirasida Kara-Murza, Yashin va Pivovarovlar ozod etilgan edi. Ozod qilingan rossiyalik siyosiy mahbuslarni olib ketgan samolyot 1 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:15 (Toshkent vaqti bilan 00:15) atrofida Kyoln/Bonn aeroportiga qo‘ndi. 

Germaniya kansleri Olaf Shols mahbuslar almashinuvi munosabati bilan ta’tilini to‘xtatib, hukumat laynerida Kyoln aeroportiga yo‘l oldi. U yerda jurnalistlar bilan suhbatda Germaniya hukumati Rossiya va Belarus qamoqxonalaridagi barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilish uchun kurashni davom ettirishiga va’da berdi. 

Rossiyada Yashin, Kara-Murza va Pivovarovning ta’qib qilinishi

2022 yil dekabr oyida Ilya Yashin Rossiyada Bucha aholisining rus harbiylari tomonidan o‘ldirilishi haqida gapirgani uchun 8,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Rossiya Federatsiyasi sudi Vladimir Kara-Murzani «vatanga xiyonat», «nomaqbul» tashkilot bilan hamkorlik qilish va armiya haqidagi «feyklar»da ayblab, 25 yil muddatga hukm qildi. 

«Ochiq Rossiya» jamg‘armasining sobiq direktori Andrey Pivovarov 2022 yil iyulida «nomaqbul tashkilot» faoliyatini amalga oshirganlik moddasi bo‘yicha to‘rt yilga qamalgan edi. Sota ma’lumotlariga ko‘ra, unga nisbatan may oyida yangi jinoiy ish ochilgan — u qanday ayblovlar bo‘yicha ekani ma’lum qilinmagan. 

Mavzuga oid