Jahon | 15:48 / 03.08.2024
5904
4 daqiqa o‘qiladi

Nigerdagi jangarilar «garovga olingan rossiyaliklar» aks etgan videoni e’lon qildi

Videoda ikki erkak o‘zini Mbanguga rus kompaniyasida ishlash uchun kelgan rossiyaliklar deb atagan. Yozuvni tarqatgan GSIM guruhi «Al-Qoida» bilan aloqador.

Foto: AP

«Al-Qoida» terrorchilik tashkilotiga aloqador «Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin» (GSIM) guruhi Niger janubi-sharqida ikki Rossiya fuqarosini garovga olganini da’vo qilmoqda. Bu haqda 2 avgust, juma kuni AFP agentligi jangarilar videosini tahlil qilib, ma’lumot berdi.

Videoda ikki erkakning ingliz tilida umumiy davomiyligi taxminan bir daqiqa davom etgan monologlari ko‘rsatilgan. Ulardan biri Rossiyada tug‘ilgani, Ukrainada yashashi va Mbanga shahridagi rus kompaniyasida geolog bo‘lib ishlaganini aytadi. Ikkinchisi ham Rossiya Federatsiyasida tug‘ilganini bildirgan va Nigerga bir oy oldin Rossiya kompaniyasida ishlash uchun kelganini qo‘shimcha qilgan.

Videoning sanasi yo‘q. Gapirganlarning hech biri o‘g‘irlab ketish sanasini aytmagan.

GSIM jangarilari o‘zi kim?

«Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin» guruhi 2017 yilda tuzilgan va G‘arbiy Afrikadagi uchta tashkilotning birlashmasi hisoblanadi. Uning nomi arabchadan «Islom va musulmonlarni qo‘llab-quvvatlash guruhi» deb tarjima qilinadi. 2018 yilda BMT Xavfsizlik kengashi uni «Al-Qoida» bilan aloqador tashkilot sifatida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. GSIM jangarilari Mali mudofaa va xavfsizlik kuchlari, Fransiya kuchlari hamda BMTning Malidagi tinchlikparvar missiyasiga bir necha bor hujum qilgan.

Mintaqa - oltin qazib olish joyi

Mbanga aholi punkti Tilaberi viloyatida, Nigerning Burkina-Faso va Mali bilan chegaralari yaqinida joylashgan. Bu mintaqada oltin qazib olinadi, deya qayd etadi AFP.

G‘arbiy Afrikadagi rossiyaliklar

Rossiya 25 iyul kuni o‘z fuqarolarini Mali va Nigerga safar qilmaslik haqida ogohlantirdi. Moskva bu tavsiyani G‘arbiy Afrika ushbu mamlakatlaridagi xavfli vaziyat bilan izohladi. Rossiya Federatsiyasi avvalroq Nigerga harbiy instruktorlar va jihozlar yuborgan.

Iyul oyi oxirida Mali shimolida Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari yo‘q qilindi. XHK yo‘qotishlarni ochiqlamadi, Malidagi isyonchilar esa 84 yollanma askar yo‘q qilingani haqida gapirdi.

Nigerda chet elliklarning o‘g‘irlanishi

Nigerda bir necha bor xorijliklar o‘g‘irlab ketilgan. 2021 yil iyun oyida qurollangan shaxslar Mbanga shahridan ikki nafar Xitoy fuqarosini noma’lum tomonga olib ketishdi. To‘qqiz oy o‘tgach, xitoyliklar ozod qilindi. 2022 yil may oyida GSIM uch italiyalikni o‘g‘irlab ketdi. Ular 2024 yil fevral oyida ozodlikka chiqdi.

2022 yil iyulidan 2023 yil iyuligacha bo‘lgan davrda Nigerdagi jangarilar 650 nafar tinch aholi va askarni o‘ldirgan, deb hisoblaydi geosiyosiy mojarolar haqida ma’lumot yig‘uvchi ACLED nohukumat tashkiloti. Keyingi 12 oy ichida bunday o‘limlar soni 1500 ga yaqinlashdi, deya ta’kidlaydi ACLED.

Burkina-Faso, Mali va Niger dunyodagi eng qashshoq davlatlar qatoriga kiradi. So‘nggi yillarda har uchala mamlakatda ham davlat to‘ntarishlari kuzatildi. Nigerda harbiylar hokimiyatni 2023 yil iyulidan, Burkina-Fasoda – 2022 yil sentabrdan beri egallab turibdi. Malidagi so‘nggi davlat to‘ntarishi 2021 yilda sodir bo‘lgan.

Mavzuga oid