CNN: Rossiya Yaman husiychilariga qurol berish niyatida bo‘lgan
Rossiya husiychilarga raketa va boshqa qurollarni bermoqchi bo‘ldi, biroq «so‘nggi daqiqada» Saudiya Arabistoni bosimi ostida o‘z rejalaridan voz kechdi, deb yozadi CNN.
Joriy yilning iyul oyi oxirida Rossiya Yaman husiychilariga raketa va boshqa harbiy texnika jo‘natish niyatida edi, biroq Saudiya Arabistoni va AQSh sa’y-harakatlaridan keyin «so‘nggi daqiqada» o‘z rejalaridan voz kechdi. Bu haqda 2 avgust kuni Amerikaning CNN telekanali manbalarga tayanib xabar berdi. Ularga ko‘ra, «saudiyaliklar Rossiyani o‘zining eng yirik raqiblaridan birini qurollantirmaslik haqida ogohlantirgan». Ta’kidlanishicha, Qo‘shma Shtatlar ham sa’y-harakatlarni amalga oshirib, Ar-Riyoddan Oq uy tomonidan global terrorchi tashkilot sifatida tan olingan husiychilarni qurollantirmaslikka «Moskvani ishontirish»ni alohida so‘ragan.
Biroq, AQSh razvedkasi Saudiya Arabistonining ogohlantirishlari hal qiluvchi bo‘lganmi yoki Kremlni husiychilarga qurol yetkazib berishdan bosh tortishga undagan ko‘plab omillardan biriga aylanganmi, buni aniq bilmaydi, deya ta’kidlaydi CNN.
Rossiya Yamanga harbiylarni yubordi
Moskva husiychilarni qurollantirish va ularga maslahat taqdim etishga Jo Bayden ma’muriyati Kiyevga Rossiya hududiga zarbalar yo‘llashga ruxsat bergani uchun «qasos» usuli sifatida qaraydi, deydi AQSh rasmiylari.
Husiychilarga qurol yetkazib berish hozircha qoldirilsa-da, Rossiya Federatsiyasi isyonchilarga «yordam ko‘rsatish» uchun Yamanga harbiy xizmatchilarni jo‘natmoqda. CNN suhbatdoshlariga ko‘ra, ular Qizil dengiz janubiy qismida Rossiya kemalarining «noodatiy to‘xtashini» va harbiy xizmatchilar tushirilganini kuzatgan, keyin ularni husiychilar olib ketishgan. Shu bilan birga, rus harbiylarida katta qurollar yoki ular uchun komponentlar yo‘q.
Husiychilar fuqarolik kemalariga hujum qilmoqda
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush fonida Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan yamanlik husiychilar 2023 yil oktyabr oyi boshidan buyon Qizil dengizdagi tijorat va harbiy kemalarga, jumladan dengiz va quruqlikdagi uchuvchisiz uchoqlar yordamida hujum qilmoqda.
Mart oyida husiychilarning Aden ko‘rfazida True Confidence kemasiga raketa hujumi natijasida uch dengizchi halok bo‘ldi, fevral oyida hujumga uchragan Rubymar yuk kemasi cho‘kib ketdi.
Husiychilarning hujumlari xalqaro yuk tashishda muammolarga sabab bo‘lmoqda va mintaqada keskinlikni oshirmoqda. Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari mintaqadagi harbiy ishtirokini oshirib, husiychilar nishonlariga hujum qildi.
Mavzuga oid
15:56 / 22.12.2024
Amerikalik harbiylar Qizil dengiz ustida o‘z qiruvchisini urib tushirdi
11:08 / 10.12.2024
2015 yildan beri Suriyada 540 nafardan ortiq Rossiya harbiysi halok bo‘ldi
21:19 / 09.12.2024
Ukraina rasmiylari Telegram ilovasidan foydalanishni kamaytirdi – OAV
18:06 / 09.12.2024