Jahon | 22:54 / 06.08.2024
3915
4 daqiqa o‘qiladi

Harrisning hamkori sifatida tanlangan Tim Uolz haqida barcha ma’lumotlar

Ba’zi siyosatchilar fikriga ko‘ra, Uolz respublikachilar an’anaviy kuchli bo‘lgan maydonlarda o‘zini munosib ko‘rsatishi mumkin.

Foto: Getty Images

Minnesota gubernatori Tim Uolz AQSh prezidentligi saylovida Kamala Harrisning hamkori bo‘ldi. Agar Harris g‘alaba qozonsa, Uolz vitse-prezident lavozimini egallaydi. The Wall Street Journal keng jamoatchilikka unchalik tanish bo‘lmagan bu siyosatchi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

1964 yilda tug‘ilgan Uolz Nebraska shtatidagi kichik shaharchada katta bo‘ldi. 17 yoshida AQSh Milliy gvardiyasiga qo‘shildi. 1989 yilda Davlat kollejini tamomlagandan so‘ng, Xitoyda bir yil dars berdi. Keyin Milliy gvardiyaga qaytdi.

Oxir-oqibat u Minnesota shtatida o‘rnashib oldi, u yerda ijtimoiy fanlardan dars berdi, o‘rta maktab futbol jamoasiga murabbiylik qildi va xotini bilan ikki farzandni tarbiyaladi.

Uolz, shuningdek, Milliy gvardiyada xizmat qilishni davom ettirdi, u yerda dala artilleriyasi mutaxassisi bo‘ldi, ammo hech qachon jangovar harakatlarda ishtirok etmadi. Milliy gvardiyadagi 24 yillik xizmatdan so‘ng shtab serjanti lavozimida nafaqaga chiqdi.

Uolz 2007 yilda demokrat sifatida shtatning eng konservativ okruglaridan biridan Kongressga saylandi – bu yerda aholi an’anaviy ravishda respublikachilarni yoqlagan. Demokratning u yerdagi g‘alabasi sensatsiyaga aylandi.

Biroq, Uolz «so‘llarga xos» demokratik siyosatni olib bordi. Masalan, o‘quvchilar uchun bepul ovqatlanishni qo‘llab-quvvatladi, sobiq mahbuslar uchun ovoz berish huquqini, noqonuniy migrantlarga haydovchilik guvohnomasi berilishini yoqladi.

Kongressdagi 12 yillik faoliyatidan so‘ng, Tim Uolz 2018 yilda Minnesota gubernatori lavozimiga saylovda g‘alaba qozondi. Hozir u ushbu lavozimni ikkinchi marta egallab turibdi.

Qayd qilinishicha, Uolz Amerikaning qishloq aholisi orasida juda mashhur hisoblanadi. U yerda respublikachilar, shu jumladan Trampning pozitsiyalari an’anaviy ravishda kuchli bo‘lgan.

Uolzning gubernatorlik davridagi eng katta muammosi 2020 yilda qora tanli Jorj Floydning politsiya xodimlari tomonidan o‘ldirilishi edi. Bu Minnesota shtatining eng yirik shahri Minneapolisda sodir bo‘ldi. Shu vaqtda hamma Uolzning Minnesota milliy gvardiyasi kuchlarini ushbu qotillikdan keyin boshlangan tartibsizliklarni bostirish uchun yuborishga shoshilmayotganini payqadi.

Uning ehtiyotkorligi turlicha tavsiflangan - inqiroz davridagi qat’iyatsizlik yoki saylovchilari ziddiyatning har ikki tomonida bo‘lgan vaziyatga to‘g‘ri munosabat sifatida.

2006 yildan beri Uolzni tanigan Minnesota siyosat byulleteni noshiri Bloys Olsonning ta’kidlashicha, gubernator tanqid qilinganda nozik bo‘lishi mumkin va ko‘pchilik kutganidan ko‘ra liberal ekanini isbotlagan. Olson so‘zlariga ko‘ra, Uolz siyosat va raqobatchilarga nisbatan «juda ayyor» bo‘lishi mumkin, ammo uning yuzidan tabassum arimaydi.

Ismi oshkor etilmagan Demokratik partiya rasmiysi CNN telekanaliga aytishicha, Uolz unga Donald Tramp tomoniga o‘tib olgan ko‘plab saylovchilarni eslatadi.

Kamala Harris Tim Uolzni vitse-prezidentlikka bo‘lajak nomzod sifatida tanlaganidan so‘ng, Tramp jamoasi darhol unga tanqid bilan hujum qildi. Trampning saylovoldi shtabidagi CNN manbalarining ta’kidlashicha, Uolzning tanlanishi Harrisning radikal liberal ekanligini isbotlashda yordam berishi mumkin.

Mavzuga oid