Jahon | 20:01 / 12.08.2024
10232
3 daqiqa o‘qiladi

Kursk oblastida 28 ta aholi yashash manzili ukrainlar qo‘liga o‘tgan

Kursk gubernatori ikki ming kishi taqdiridan bexabar, Belgorod gubernatori esa - qochqinlar to‘g‘risida «to‘liq ma’lumot»ga ega emas.

Foto: Kursk oblasti gubernatori Aleksey Smirnovning telegram-kanali

Kursk oblasti gubernatori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Aleksey Smirnov RF prezidenti Vladimir Putin bilan yig‘ilish chog‘ida o‘z rahbarligidagi hududda vaziyat «murakkab» ekanini aytdi, deb xabar beradi RIA Novosti. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida 28 ta aholi yashash manzillarini nazorat qilmoqda. 

«Kursk oblastiga kirib kelish chuqurligi 12 kilometrni, kenglik — 40 kilometrni tashkil etadi», — degan Smirnov.

U mahalliy rasmiylar Kursk oblastida Ukraina qurolli kuchlari qo‘liga o‘tgan aholi yashash manzillaridagi roppa-rosa ikki ming kishining taqdiridan bexabarligini aytgan.

Smirnovning ma’lumotiga ko‘ra, ukrain armiyasi hujumlari natijasida Kursk oblastida 12 kishi halok bo‘lib, 121 kishi yaralangan, shundan 10 nafari bolalar. Hozirgacha regionning chegaraga yaqin hududlaridan 121 ming atrofidagi kishi evakuatsiya qilingan, jami 180 ming kishini evakuatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Smirnov frontning aniq chizig‘i yo‘qligini yana bir muammo sifatida keltirib, bu Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari joylashuvini aniqlashni qiyinlashtirayotganini ta’kidlagan. 

Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan boshqa bir hududi — Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov ham RF prezidentiga hisobot berdi.

«So‘nggi vaqtlarda bizda faqat Belgorodda vaziyat yaxshilandi. Chegara hududlardagi vaziyat esa keskin yomonlashgan. O‘qqa tutish va dron hujumlari sezilarli darajada kuchaygan. Vayrongarchiliklar ko‘lami keskin oshmoqda.

Ikki yarim yil mobaynida 30 mingdan ortiq uy va kvartiralar shikastlangan. Biz 25 mingini tikladik. 

Eng og‘ir vaziyat Shebekinoda. 2024 yil boshidan buyon qariyb 300 kishi yaralangan, 36 kishi halok bo‘lgan. To‘liq ma’lumot yo‘q, ammo bizning hisoblarga ko‘ra, 50-70 foiz aholisi Shebekino hududini tark etgan, aholi orasida zo‘riqish oshib bormoqda», —  degan u.

Mavzuga oid