O‘zbekiston | 10:19 / 19.08.2024
10811
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda yangi shaharcha qurilishiga tamal toshi qo‘yildi

Qariyb 1,1 ming gektar maydonda amalga oshiriladigan qurilish ishlari 2040 yilgacha davom etadi. Shaharchada “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va madaniy dam olish sayilgohlari, Navoiy davlat pedagogika institutining kampus tipidagi yangi binolari, ijtimoiy soha obektlari, ko‘p qavatli turarjoylar, maishiy xizmat ko‘rsatish va servis obektlari, kutubxona, sun’iy ko‘l va hunarmandchilik ustaxonalari quriladi.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi

Navoiyda Yangi Navoiy shaharchasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov, sektor rahbarlari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda shaharcha loyihasi taqdimoti o‘tkazilgan. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Shohira Raufboyeva ma’lum qildi.

Loyiha Karmana tumanidan Navoiy shahriga o‘tkazilgan hudud – Yoshlik mahallasida amalga oshirilmoqda. Shaharchaning umumiy maydoni 1097,6 gektarni tashkil etib, birinchi bosqichda 450 gektar yer maydonida qurilish ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.

Loyiha Navoiy viloyati hokimligi huzurida amalga oshiriladi. Buning uchun “Yangi Navoiy shaharchasi” ishbilarmonlik markazi direksiyasi” davlat muassasasi tashkil etilgan. 

Shaharchada “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va madaniy dam olish sayilgohlari, Navoiy davlat pedagogika institutining yangi binolari (kampus tipida) va boshqa ijtimoiy soha obektlari, ko‘p qavatli turarjoylar, tadbirkorlik va ishbilarmonlik, maishiy xizmat ko‘rsatish va servis obektlari bo‘ladi. Shuningdek, hududda kutubxona, sun’iy ko‘l va hunarmandchilik ustaxonalari bunyod etiladi.

Qurilish ishlari Xitoy, Turkiya va mahalliy qurilish kompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Hozir e-auksion.uz platformasi orqali 20 ga yaqin lotlar xaridi e’lon qilingan.

Mavzuga oid