Jahon | 09:05 / 20.08.2024
5663
2 daqiqa o‘qiladi

YeIda 11 mln yevrolik qalbaki banknotlar tayyorlagan shaxs hibsga olindi

Yevropol ma’lumotlariga ko‘ra, qalbaki pul yasovchi «bunkerga o‘xshash» yerosti bosmaxonada ishlagan. O‘tgan yili muomaladan olib qo‘yilgan qalbaki yevro kupyuralarining chorak qismidan ko‘prog‘i unga tegishli.

Foto: Europol

Italiya janubi-g‘arbidagi Neapolda 11 million yevrolik banknotlarni ishlab chiqarishda gumon qilingan qalbaki pul yasovchi qo‘lga olindi. Bu haqda 19 avgust, dushanba kuni Yevropa Ittifoqining politsiya xizmati - Yevropol ma’lum qildi

Operatsiya 14 avgust kuni bo‘lib o‘tdi, yerosti bosmaxonasi demontaj qilindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkak 2023 yilda aniqlangan va muomaladan olib qo‘yilgan barcha qalbaki yevro banknotlarning 27 foizdan ortig‘ini muomalaga chiqargan. Gap taxminan 8 million yevro haqida ketmoqda. 

Bundan tashqari, muomalaga chiqarilgunga qadar butun Yevropa bo‘ylab taxminan 950 000 yevro (asosan 20, 50 va 100 yevro nominallarida) musodara qilingan. Nihoyat, Neapoldagi bosmaxonadan 3 million yevrolik banknotalar olindi.

«Bunkerga o‘xshash» yerosti bosmaxonasi topildi 

Tergov faoliyati 2022 yildan beri o‘tkazilib, o‘ndan ortiq davlatdan razvedka ma’lumotlari olingan. Italiya karabinerlari Yevropol ko‘magida garajdan relslarga o‘rnatilgan soxta devor bilan ajratilgan «bunkerga o‘xshash» yashirin bosmaxonani topdi. 

Ehtimoliy jinoyatchi asosan Fransiyada bir nechta milliy va transmilliy tarqatish kanallaridan foydalangan. Yevropa Markaziy banki tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ekspert tahlili banknotlarda (jumladan, gologrammalarda) qalbakilashtirilgan himoya elementlari yuqori sifatga ega ekanligini ko‘rsatdi. 

2023 yilda Germaniyada muomalada bo‘lgan qalbaki yevro kupyuralar soni ko‘paydi

Germaniya Federal banki (Bundesbank) ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyada muomaladagi qalbaki yevro banknotlari soni 2023 yilda chorakdan ko‘proqqa oshgan. Ularning soni o‘tgan yilga nisbatan 28,2 foizga ortib, 56 ming 600 tani tashkil etdi. 

Qalbaki pul yasovchilar orasida eng mashhur yevro banknot (38 foiz hollarda) 50 yevro bo‘lib qoldi. 20 yevrolik qalbaki banknotlarning ulushi 22 foizni, 200 yevroniki 15 foizni tashkil etdi. 

Mavzuga oid