Jahon | 19:06 / 26.08.2024
19957
10 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bo‘ylab yana yopirilma zarbalar. Bu haqda nimalar ma’lum?

Rossiya 100 dan ortiq raketa va 100 ga yaqin dron uchirdi. Kiyev GES va boshqa energetika obektlari zarba ostida qolgan. Bu Rossiyaning ukrainlarning Kursk oblastidagi yurishiga javob ekani aytilgan.

Foto: Ukraina FVDX

Rossiya qurolli kuchlari 26 avgust kuni turli tipdagi raketalar hamda zarbdor dronlar qo‘llagan holda Ukraina bo‘ylab yoppasiga hujum amalga oshirdi. Ukrainaga hujum soat 00:50 atrofida boshlangan, Ukraina havo kuchlariga ko‘ra, shu vaqtda osmonda dastlabki Shaheed dronlari paydo bo‘lgan. Hujum tun bo‘yi va tongda ham davom etgan, havo kuchlari 26 avgust kuni kunduzi ham rossiyaliklarning dronlari harakati haqida xabar bergan. Ukrain nashrlarida e’lon qilingan, raketalar va dronlarning harakatlanishi aks etgan xaritaga ko‘ra, tunda va tongdagi zarbalar asosan mamlakatning g‘arbiy, sharqiy va markaziy regionlariga yo‘llangan. Kiyevda havo trevogasi sakkiz soatga yaqin davom etgan, soat 14:21 da shaharda uchuvchisiz uchar qurilmalar hujumi xavfi tufayli yana trevoga e’lon qilingan, taxminan 20 daqiqa o‘tib u bekor qilingan.

Ukraina energetika vaziri German Galushchenko hujumlar nishoni energetika obektlari bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «ukrainlarni yorug‘likdan mahrum etish rejasidan voz kechmayapti». Vazir Ukrainada elektr energiyasini favqulodda o‘chirish rejimi joriy etilganini ma’lum qilgan. «Vaziyat murakkab, hujum oqibatlari aniqlashtirilyapti. Energetiklar ularni bartaraf etish ustida ishlamoqda», — deya xabar bergan Galushchenko 26 avgust tongida. Rossiya hujumi oqibatida jami 15 oblast zarar ko‘rgan, ayrim regionlarda energetika obektlari shikastlangan, degan Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal.

Regionlardagi rasmiylarning xabarlariga ko‘ra, energetika obektlari, shuningdek infratuzilma obektlari shikastlanishi holatlari Volin, Dnipropetrovsk, Zaporijjya, Jitomir, Kiyev, Lviv, Rivnen, Vinnitsa, Odessa va Ivano-Frankovsk oblastlarida qayd etilgan.

Kiyev aholisi vakillari havo trevogasi chog‘ida metroda yashirinmoqda
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA

Kiyev oblasti hukumati hududda ikkita energetika obekti shikastlangani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Ulardan biri — Kiyevdan bir necha kilometr masofada joylashgan, Vishgoroddagi Kiyev GESdir. Ukrain mediasi Kiyev GESdagi yong‘in aks etgan videoyozuvlarni tarqatgan. UNIAN nashri yozishicha, to‘g‘on ustidagi yo‘l va mashina zali shikastlangan. Pirnovo obshchinasi rahbari Sergey Knijnikov to‘g‘on yo‘liga kirish va chiqish yopilganini ma’lum qilgan.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi rahbari Andrey Kovalenko Kiyev GES to‘g‘oniga hech narsa xavf solmayotganini aytgan. «Uni raketalar bilan vayron qilish imkonsiz», — degan Kovalenko.

Ijtimoiy tarmoqda Kiyev GES yaqinida olingan videoyozuv ham tarqalgan. Kadrda raketa Kiyev suv ombori hududiga tushgani aks etgan.

Yan Dobronosov/Telegraf

Turar joylar ham zarbalarga yo‘liqqan. Ukraina regionlari rahbarlari yopirilma zarbalar tufayli ko‘p kvartirali uylar hamda xususiy uylar, temiryo‘l obektlari, avtomobillar, omborlar va boshqa fuqarolik obektlariga zarar yetganini ma’lum qilgan. Poltava oblastida sanoat obekti zarbaga duchor bo‘lgan.

Volin oblasti Lutsk shahrida dronlar qulashi oqibatida ko‘p kvartirali uy shikastlangan. Tarmoqda Lutskda olingan videoyozuv tarqalgan, unda dron turar joy binosi tomiga urilganini ko‘rish mumkin.

Ukraina FVDX Lutskdagi uyga dron urilishi oqibatlari aks etgan fotosuratlarni namoyish etgan.

Volin oblasti Lutsk shahrida hujum oqibatida ko‘p kvartirali uy shikastlangan, bir kishi halok bo‘lib, besh kishi yaralangan

RF qo‘shinlarining yopirilma zarbalari oqibatida qurbonlar va yaralanganlar ham bor. Hududlar rahbarlariga ko‘ra, Volin, Dnipropetrovsk, Zaporijjya, Jitomir va Xarkiv oblastlarida bir nafardan odam halok bo‘lan. Volin va Poltava oblastlarida besh nafardan, Odessada — to‘rt, Mikolayivda — uch, Ivano-Frankovskda — uch kishi yaralangan. Kiyevda soat 15:00 atrofida dron parchasi tushishi oqibatida avtomobil haydovchisi jarohatlangan, mashina to‘liq yakson bo‘lgan, deb xabar bergan shahar meri Vitaliy Klichko.

Ukraina FVDX va IIV hozircha zarbalar oqibatida halok bo‘lgan va yaralanganlarning jami soni haqida xabar bermadi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hodisa oqibatida o‘nlab kishilar jabrlangani haqida gapirgan.

Rossiya Ukraina bo‘ylab eng yirik kombinatsiyalangan zarbalaridan birini yo‘lladi, degan Volodimir Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini yuzdan ortiq turlicha raketalar hamda yuzga yaqin «Shaheed» dronlarini uchirgan. Kiyev shahri harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popkoga ko‘ra, hujumda dronlar, Tu-95MS rusumli 11 ta strategik bombardimonchi, «Kalibr» raketalarini tashuvchi to‘rtta kema, Tu-22M3 rusumli oltita strategik bombardimonchi, «Kinjal» raketalarini tashuvchi MiG-31K rusumli uchta qiruvchi samolyot, shuningdek ballistik raketalarni uchirgan raketa komplekslari ishtirok etgan.

Ukraina QK havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchuk hozircha hujum oqibatlari yuzasidan hech qanday bayonot bermagan, chunki rossiyaliklarning Ukraina bo‘ylab havo hujumlari hali yakunlanmadi.

Zelenskiy 26 avgust kuni kunduzi ukrainlarga qilgan videomurojaatida hujumga to‘xtalib, Putin — «xasta mavjudot» ekanini ta’kidladi.

Putin o‘ziga xiyonat qilmaydi: bu xasta mavjudot ekani — allaqachon barchaga tushunarli. Ammo shunisi ham aniq: u faqat dunyo qilishga imkon qoldirgan ishni qila oladi. Javob qaytarishdagi zaiflik va qat’iyatsizlik terrorni oziqlantirmoqda. Va har bir yetakchi, bizning har bir hamkorimiz bu urushni to‘xtatish va adolatli to‘xtatish uchun qanday qarorlar lozimligini biladi. Terrorchilarda cheklovlar yo‘qligida Ukrainada ham uzoq masofaga zarba berishda cheklov bo‘lmasligi kerak. Rossiya o‘zining barcha turdagi qurollaridan ham, «shahidlar» va Shimoliy Koreyadan keltirilgan ballistik raketalardan ham foydalanayotganida o‘z hayotini himoya qilayotganlar uchun qurol bo‘yicha cheklovlar bo‘lmasligi kerak. Amerika, Britaniya, Fransiya, boshqa hamkorlar terrorni to‘xtatishga yordam berishga qodir. Bizga yechimlar kerak.

Ukrainaga hujum vaqtida Polsha havo hududiga hozircha aniqlanmagan obekt kirgan, u katta ehtimol bilan Polsha hududiga qulab tushgan. «Ozodlik radiosi» yozishicha, bu haqda Polsha armiyasi operativ qo‘mondonligi rasman ma’lum qildi. Bu raketa yoki uchuvchisiz uchar qurilma ekani taxmin qilinmoqda. Obekt Ukrainaning Lviv oblasti Chervonograd shahri hududida chegaradan o‘tgan va Polsha hududi uzra 25 kilometrga uchib, radar ekranlaridan yo‘qolgan. Obekt chegaradagi Tishovse shahri hududida qulab tushgani taxmin qilinmoqda, qidiruv ishlari olib borilmoqda.

RF mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shini Ukraina harbiy ishlab chiqarish kompleksi faoliyatini ta’minlayotgan energetika obektlariga zarbalar yo‘llagani haqida xabar qildi. Vazirlik vakili jurnalistlar uchun har kungi brifing chog‘ida Ukraina bo‘ylab zarbalar yuzasidan izoh bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar «yuqori aniqlikdagi qurollar bilan Ukrainaning o‘ta muhim energetika obektlariga yopirilma zarbalar» yo‘llagan.

Vazirlik tasdiqlashicha, hujum nishonlari Kiyev, Vinnitsa, Jitomir, Xmelnitskaya, Dnipropetrovsk, Poltava, Mikolayiv, Kirovograd va Odessa oblastlaridagi elektr nimstansiyalar bo‘lgan. Bundan tashqari, vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Lviv, Ivano-Frankovsk va Xarkiv oblastlarida Ukraina gaz transport tizimi faoliyatini ta’minlaydigan gaz kompressor stansiyalari zarbalar ostida qolgan. Shuningdek, Kiyev va Dnipropetrovsk oblastlaridagi aerodromlarga zarbalar yo‘llangan, bu hududlarda Ukrainaga g‘arb mamlakatlari tomonidan yetkazib berilgan «aviatsiya qurollari» saqlanayotgandi.

«Belgilangan barcha nishonlar yo‘q qilindi, natijada elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan, temiryo‘l orqali qurollar va o‘q-dorilarni harbiy to‘qnashuv chizig‘iga eltish to‘xtatilgan», — deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi xabarida.

Rossiya Ukrainaga Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishiga javoban zarbalar yo‘lladi, degan Shot telegram-kanaliga Davlat dumasining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov. Uning so‘zlariga ko‘ra, RF qurolli kuchlarining Ukraina bo‘ylab zarbalari — «qisman Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi provokatsiyasiga ham javobdir». Kartapolov bu ish davom ettirilishini qo‘shimcha qilgan.

Ukraina Rossiya qo‘shinlarining yirik havo hujumlariga javob choralarini tayyorlamoqda, degan Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov. «Bu tunda Rossiya yana bir bor shaharlarimizga zarba berdi. Tinch aholi vakillari jabrlandi, uylar vayron bo‘ldi, muhim infratuzilmalar faoliyati izdan chiqdi. Bu yana bir bor g‘alaba qozonishimiz uchun bizga uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollar hamda dushmanning harbiy obektlariga zarba berishga cheklovlar bekor qilinishi kerakligini isbotlaydi. Ukraina o‘z javobini tayrlamoqda. O‘zi ishlab chiqargan qurollar bilan», — degan Umerov.

Mavzuga oid