Jahon | 15:41 / 29.08.2024
2258
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish statistikasini maxfiylashtirdi

Rossiya hukumati mamlakatdagi eng yirik Omsk neftni qayta ishlash zavodida ro‘y bergan portlashdan so‘ng dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish bo‘yicha ma’lumotlarni yopishga qaror qildi. Avvalroq Rosstat avtobenzin ishlab chiqarish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni maxfiylashtirgan edi.

Foto: RIA Novosti / Pavel Bednyakov

Rossiyadagi neft bazalari va neftni qayta ishlash zavodlarida sodir bo‘lgan bir qator yong‘inlardan so‘ng, Rossiya hukumati mamlakatda yonilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha yangi ma’lumotlarni «maxfiy» deb tasnifladi. Federal davlat statistika xizmatining 28 avgust kuni e’lon qilingan hisobotidan dizel yonilg‘isi, mazut, suyultirilgan propan va butan ishlab chiqarish bo‘yicha raqamlar olib tashlandi. Bu ma’lumotlar endi «Rossiya hukumati qarori asosida» nashr etilmaydi, deb xabar berdi Rosstat.

May oyining oxirida Rosstat avtobenzin ishlab chiqarish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni maxfiylashtirgandi. Rossiya Energetika vazirligi bu chorani geosiyosiy vaziyat va «ishtirokchilar tomonidan bozorni manipulyatsiya qilish» tahdidi bilan izohladi.

Federal xizmatning yangi sharhida aytilishicha, «ko‘pincha Rosstat tomonidan e’lon qilingan motor yonilg‘ilarini ishlab chiqarish bo‘yicha statistik ma’lumotlar bozorga asossiz bosim o‘tkazish va sun’iy ajiotaj yaratish uchun ishlatilishi mumkin».

Omsk neftni qayta ishlash zavodidagi portlash

Statistikani maxfiylashtirish qarori Rossiyadagi eng yirik Omsk neftni qayta ishlash zavodida sodir bo‘lgan portlashdan ikki kun o‘tib qabul qilingan. Mamlakatdagi barcha benzin va dizel yonilg‘isining o‘ndan bir qismini ishlab chiqaradigan zavoddagi avariya natijasida AVT-11 neftni birlamchi qayta ishlash bloki ishlamay qoldi. Natijada Omsk neftni qayta ishlash zavodi quvvatining 41 foizini yo‘qotdi, deb xabar berdi Reuters manbasiga tayanib. Ishchilardan birining o‘limiga sabab bo‘lgan hodisa sabablari rasman ma’lum qilinmagan.

O‘tgan yili Omsk neftni qayta ishlash zavodi 21,28 million tonna neftni qayta ishladi va 5,07 million tonna avtomobil benzini (Rossiya Federatsiyasidagi ishlab chiqarishning 11,5 foizi), 8,1 million tonna dizel yonilg‘isi (9,2 foiz) va 1,63 million tonna aviakerosin (15 foiz) ishlab chiqardi.

20 avgust kuni Ukraina dronining zarbasi tufayli Rostov viloyati Proletar tumanidagi Davlat zaxirasi yonilg‘i omborida yong‘in sodir bo‘ldi. 10 ming kvadrat metr maydonni qamrab olgan yong‘inni o‘chirish hali ham davom etmoqda. 28 avgust kuni UUA Kirov viloyatining Kotelnich shahridagi neft omboriga va Rostov viloyatining Kamenskiy tumanidagi yonilg‘i omboriga hujum qildi. Gubernator Aleksandr Sokolovning so‘zlariga ko‘ra, birinchi yong‘in tezda o‘chirilgan, ikkinchisini o‘chirish davom etmoqda. 

Mavzuga oid