Jamiyat | 09:45 / 05.09.2024
2214
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda bir tup terak kesgan fuqaro 9 mln so‘m jarimaga tortildi

Paxtachi tumanida mahallasidagi bir tup terak daraxtini o‘zboshimchalik bilan kesib tashlagan fuqaro 8,5 mln so‘m jarima va 680 ming zararni to‘laydigan bo‘ldi.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida bir tup daraxt kesgan huquqbuzarga chora ko‘rildi.

Nazorat reyd tadbirlaridan birida Tinchlik mahallasida yashovchi fuqaro M.R. mahalla hududidagi bir tup terak daraxtini o‘zboshimchalik bilan kesib tashlagani aniqlangan.

Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Huquqbuzar BHMning 25 baravari — 8 million 500 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi. M.R. jarima bilan birga o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar — 680 ming so‘mni ham to‘laydigan bo‘ldi.

Respublikada davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga qarshi moratoriy joriy etilgan bo‘lib, daraxtlarni tegishli ruxsatlarsiz kesish qat’iyan man etiladi. Bu kabi huquqbuzarliklar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid