Jahon | 00:00 / 06.09.2024
2244
2 daqiqa o‘qiladi

Kongo mpox’ga qarshi vaksinaning birinchi partiyasini qabul qilib oldi

Vaksina Daniyaning Bavarian Nordic farmatsevtika kompaniyasi tomonidan yaratilgan bo‘lib, u Yevropa Ittifoqi va AQShda ma’qullangan yagona vaksina turi hisoblanadi.

Foto: The New Times

Kongo Demokratik Respublikasi maymunchechak (mpox) epidemiyasiga qarshi vaksinaning birinchi partiyasini qabul qilib oldi. Sog‘liqni saqlash organlari bu kasallik tarqalishini to‘xtatishiga umid qilmoqda.

Aholisi 100 millionga yetadigan Markaziy Afrika davlatlari epidemiya markazida joylashgan bo‘lib, o‘tgan oyda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti favqulodda holat e’lon qilgan edi.

Reuters agentligining ma’lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etilgan vaksina dozalari ortilgan samolyot 5 sentabr kuni soat 13:00 da mamlakat poytaxti Kinshasaga kelib qo‘ngan. Kongo sog‘liqni saqlash vaziri Semyuyel Rojyerning so‘zlariga ko‘ra, yangi vaksina Qo‘shma Shtatlarda o‘z samarasini ko‘rsatgan va mamlakatdagi katta yoshli insonlar u bilan emlanadi.

Vaksina Daniyaning Bavarian Nordic farmatsevtika kompaniyasi tomonidan yaratilgan. U Yevropa Ittifoqi va AQShda ma’qullangan yagona vaksina turi bo‘lib, faqat katta yoshli insonlarda foydalanishga ruxsat berilgan. Ayni vaqtda 12 yoshdan katta bolalar o‘rtasida ham sinovlar olib borilmoqda.

YeIning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Loran Mushelning aytishicha, birinchi partiyadan 99 ming doza o‘rin olgan, 7 sentabr kuni yetkaziladigan keyingi partiyada 200 ming doza vaksina bo‘ladi. Yevropa umumiy hisobda mintaqaga 566 ming doza vaksina yetkazishni rejalashtirgan.

Mavzuga oid