Tailandda piton changalida qolib ketgan ayol ikki soatdan keyin qutqarib olindi
Arom ismli 64 yoshli ayol uyida idish-tovoqlarni yuvayotganida oyog‘idan nimadir chaqqanini payqagan. Shundan keyin piton ayolga o‘ralib, uni bo‘g‘a boshlagan.
Tailand politsiyasi ikki soatdan ortiq vaqt davomida piton changalida qolib ketgan ayolni qutqardi, deb xabar beradi CNN.
Qayd etilishicha, Arom ismli 64 yoshli ayol uyida idish-tovoqlarni yuvayotganida oyog‘idan nimadir chaqqanini payqagan. «Ilon oldinga tashlanib, meni chaqib oldi», — deya eslaydi ayol.
Shundan keyin piton ayolga o‘ralib, uni bo‘g‘a boshlagan. Politsiyachilarning so‘zlariga ko‘ra, u ikki soat davomida ilon changalidan qutulishga uringan. Ayol yordam so‘rab baqirgan, ammo avvaliga hech kim uni eshitmagan. Oxir-oqibat qo‘shnilardan biri chinqiriqlarni eshitib, politsiyaga murojaat qilgan.
«Ayol yerda, uning ustini esa piton o‘rab olganini ko‘rib hayratga tushdik. Ilon haqiqatda katta edi», — deydi politsiya serjanti Anusorn Vongmali. Qutqaruvchilar ayolni ilon changalidan qutqarishga 30 daqiqa vaqt sarflagan va uni shifoxonaga yuborgan.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, mazkur voqeadan keyin ilon qochib ketgan. «Uni tutib qola olmadik», — deyiladi xabarda.
Tailand milliy bog‘larining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 250 turdagi ilonlar uchraydi, ular orasida uch turdagi pitonlar ham bor. Pitonlar zaharli emas, ammo ular o‘z o‘ljasiga chirmashib olib, uni bo‘g‘ib o‘ldiradi. Tailand Milliy sog‘liqni saqlash boshqarmasining qayd etishicha, o‘tgan yili mamlakatda 12 mingga yaqin odam zaharli ilonlar chaqishidan davolangan, 26 kishi halok bo‘lgan.
Mavzuga oid
15:48 / 10.12.2024
Tailandda ikki kishi massajdan keyin vafot etdi
09:42 / 10.12.2024
O‘zbekiston yana ikki davlat bilan JST bo‘yicha muzokaralarni yakunladi
23:19 / 01.10.2024
Tailandda 40 ga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilarni olib ketayotgan avtobus yonib ketdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda
21:12 / 29.09.2024