O‘zbekiston | 23:53 / 30.09.2024
2716
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonda o‘zbekistonlik harbiylar ishtirokida «Mahorat-2024» qo‘mondonlik-shtab o‘quvlari boshlandi

Harbiy boshqaruv instituti Harbiy o‘yinlar markazi bazasida boshlangan o‘quvlarda har ikki davlatning 100 dan ortiq harbiy xizmatchisi ishtirok etmoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasida 2024 yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama hamkorlik rejasi doirasida «Mahorat-2024» nomli kompyuter ko‘magida qo‘shma taktik qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.

Qayd etilishicha, ushbu o‘quvlar ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni mustahkamlashning muhim bosqichi bo‘lib, qo‘shinlarning tezkor imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan.

Ozarboyjon Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, o‘quvlar 30 sentabr kuni Harbiy boshqaruv instituti Harbiy o‘yinlar markazi bazasida boshlangan. Unda Ozarboyjon va O‘zbekistonning 100 dan ortiq harbiy xizmatchisi ishtirok etmoqda. Kompyuter ko‘magida o‘tkazilayotgan o‘quvlar ikki mamlakat tezkor guruhlari o‘rtasidagi muvofiqlashtiruv jarayonlarini yaxshilashga, jangovar shaylikni, shuningdek, komandirlarning strategik va taktik ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi. 

Ushbu manyovrlarning asosiy maqsadi ikki davlat armiyalarining turli ssenariylar bo‘yicha o‘zaro hamkorligini amaliyotga tatbiq etishdan iborat bo‘lib, bu tezkor bo‘linmalar qo‘mondonligiga tez va samarali harbiy qarorlar qabul qilish, qiyin jangovar vaziyatlarda tashabbus ko‘rsatish va qo‘shinlarni mohirona boshqarish qobiliyatini rivojlantirish imkonini beradi. O‘quvlarning muhim elementi — bu kompyuter texnologiyalari yordamida real jangovar harakatlarni modellashtirishdir. 

Harbiy o‘quvlar bir necha bosqichda o‘tkaziladi va 6 oktyabrga qadar davom etadi. «Mahorat-2024» nafaqat Ozarboyjon va O‘zbekiston armiyasining tayyorgarlik darajasini oshirishi, balki ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Mavzuga oid