O‘zbekiston | 13:40 / 18.10.2024
2980
2 daqiqa o‘qiladi

4,8 mlrd so‘mlik energiya resurslarini o‘g‘irlagan gaz zapravkalar aniqlandi

Toshkent shahri va Samarqand viloyatida 4,8 milliard so‘mlik energiya resurslarini o‘g‘irlagan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari aniqlandi.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departament xabariga ko‘ra, departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan “Hududgaz poytaxt” gaz ta’minoti filiali xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.” MChJ rahbari T.A. va boshqalar MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘rnatilgan gaz hisoblagichga tashqi ta’sir o‘tkazib, jami 1,5 million kub metr tabiiy gazni o‘g‘irlab, davlat va jamiyat manfaatlariga 2,7 milliard so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Shu kabi, departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M.G.” MChJ rahbari S.R. Past Darg‘om tumanidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr hisoblagichning ulanish sxemasini o‘zgartirib, tijorat maqsadida 2,1 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid