O‘zbekiston | 08:00 / 18.10.2024
3539
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon Tashqi razvedka xizmati rahbari bilan uchrashdi

Uchrashuvda terrorizm, ekstremizm va radikalizm, kiberjinoyatchilik va boshqa xavflarga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus xizmatlarning yaqin idoralararo hamkorligini mustahkamlash masalasi muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 oktyabr kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Ozarboyjon Tashqi razvedka xizmati rahbari Orxon Sultonovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Ozarboyjon idorasi boshlig‘i davlat rahbariga Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Ozarboyjon ittifoqchilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Turli darajalarda faol muloqotlar va samarali almashinuvlar davom etayotgani, o‘zaro savdo va investitsiyalar ko‘rsatkichlari barqaror o‘sayotgani, tomonlar kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish, madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Terrorizm, ekstremizm va radikalizm, kiberjinoyatchilik hamda xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xavflarga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus xizmatlarning yaqin idoralararo hamkorligini mustahkamlash va samarali muvofiqlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Mavzuga oid