Jahon | 14:20 / 21.10.2024
6535
3 daqiqa o‘qiladi

UQK: Rossiya hududidagi aerodrom va harbiy zavodga zarba berildi

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Dzerjinskdagi Lipetsk-2 harbiy aerodromi va Sverdlov harbiy zavodiga qilingan hujumlar haqida xabar berdi.

Foto: DW

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Lipetsk oblastidagi Lipetsk-2 harbiy aerodromi va Rossiyaning Nijyegorod oblasti Dzerjinsk shahridagi Ya.M.Sverdlov zavodi nishonga olingani haqida xabar berdi. Tegishli ma’lumot 20 oktyabr, yakshanba kuni Bosh shtabning Telegram-kanalida e’lon qilindi.

Ukraina harbiylariga ko‘ra, Su-34, Su-35 va MiG-31 samolyotlari Lipetsk yaqinidagi aerodromda joylashgan. Shuningdek, «o‘q-dorilar omborlari, yonilg‘i-moylash materiallari va samolyot jihozlarini saqlash joylari» ham borligi xabar qilingan.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi xabariga ko‘ra, Sverdlov zavodi «artilleriya o‘q-dorilari va kuchli portlovchi bombalar uchun kimyoviy moddalar» ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, Ukraina armiyasi uning hududida boshqariladigan aviabombalar saqlanayotganini da’vo qilmoqda.

«Ikkala obekt hududlarida ko‘plab portlashlar qayd etilgan, shuningdek, dushmanning havo hujumidan mudofaa kuchlari ham faol ishlagan. Zarba natijalariga oydinlik kiritilmoqda», — deyiladi xabarda.

RFning bir qancha mintaqalari uchuvchisiz uchoqlar hujumiga uchradi

20 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning bir qancha hududlari uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan ommaviy hujumga uchradi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi poytaxti, Moskva, Lipetsk va Oryol oblastlari xavf ostida qolgan.

Poytaxt meri Sergey Sobyanin «Moskva tomon uchgan» dron Ramenskoye shahar okrugida urib tushirilganini aytdi. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parchalar tushgan joyda vayronalar va qurbonlar bo‘lmagan», — deb yozdi Sobyanin Telegramʼdagi kanalida.

Rossiyaning boshqa mintaqalari ham dron hujumlariga uchragan. Xususan, Lipetsk oblasti gubernatori Igor Artamonov Lipetsk osmonida «UUA bostirilganini» aytdi. Artamonovning so‘zlariga ko‘ra, uchish apparati qoldiqlari Sirskiy Rudnikning mikrorayoniga tushgan. «Mutaxassislar voqea joyida va dronning qolgan qismlarini zararsizlantirmoqda», deb yozgan u.

Orel oblasti gubernatori Andrey Klichkov ham 19 oktyabr oqshomida yirik uchuvchisiz uchoqlar hujumi haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari mintaqa uzra 11 ta Ukraina dronini yo‘q qilgan.

Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz 19 oktyabr oqshomida kamida to‘rtta Ukraina dronining «yo‘q qilingani» haqida xabar berdi.

Bryansk, Lipetsk va Oryol oblastlariga qilingan hujumlar natijasida qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q, dedi mintaqa rahbarlari.

Mavzuga oid