O‘zbekiston | 08:50 / 28.10.2024
2221
2 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot o‘quv yurtlari qoshida yangi qo‘shma ta’lim dasturlari ochilishi mumkin

Malayziya O‘zbekistonda tibbiyot uskunalarini ta’mirlash va ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlashi ko‘zda tutilyapti.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbariyati  Malayziyaning Quantum Medical Solutions (QMS) kompaniyasi bosh ijrochi direktori Venkatesh Kumar bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida kompaniya rahbariyati bilan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Venkatesh Kumar kompaniyaning uzoq yillik muvaffaqiyatli tajribasiga tayanib, O‘zbekistonda tibbiyot uskunalarini saqlash va ularni ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish, ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish taklifini bildirdi.

"Kompaniya O‘zbekistondagi shifoxonalarda mavjud tibbiyot uskunalaridan foydalanish muddati va samaradorligini oshirishga yordam berishi mumkin. Shuningdek, mamlakatda tibbiy muhandis mutaxassislarni tayyorlashda, ya’ni ularni Malayziyadagi hamkasblari bilan birga bevosita ish jarayonida malakasini oshirish va shu orqali sohadagi yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishlariga yaqindan ko‘maklashadi", dedi u.

Malayziya tomoniga mamlakatda kompaniyaning tegishli xizmatlarini tashkil etish hamda tibbiyot o‘quv yurtlari qoshida tibbiy uskuna va jihozlarini ta’mirlash bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydigan qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish muhimligi ta’kidlandi.

QMS bosh ijrochi direktori zamonaviy tibbiyot uskunalarini uzoq muddatli lizing shartlari asosida O‘zbekistondagi davlat shifoxonalar va xususiy klinikalarga yetkazib berish, ularni muntazam ta’mirlash va dasturiy ta’minotini yangilab borish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga tayyorligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid