«Memorial» Chechenistonda erkaklar ommaviy qo‘lga olinayotganini ma’lum qildi
Chechenistonda Rosgvardiya kolonnasiga qilingan hujumdan so‘ng xavfsizlik kuchlari uyma-uy yurib, erkaklarni qo‘lga olmoqda, politsiya bo‘limlarida esa ularga urushga borish taklif etilyapti, deb xabar berdi «Memorial».
«Memorial» inson huquqlari markazi Chechenistonda oktyabr oxirida Rosgvardiya kolonnasining o‘qqa tutilishidan ikki kun o‘tib erkaklarni ommaviy qo‘lga olish boshlangani haqida ma’lum qildi. 26 oktyabrdan buyon respublikaning Grozniy rayonida yuzlab odamlar ushlandi, deya xabar berdi huquq faollari 4 noyabr, dushanba kuni.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rosgvardiya va Ichki ishlar vazirligi xodimlari aholi xonadonlariga kirib, hujjatlarni tekshiryapti, Chechenistonda amaldagi me’yor va qoidalar zarracha buzilgan taqdirda erkaklarni politsiya bo‘limlariga olib ketyapti. U yerda ularning telefonlari tekshirilib, Checheniston hukumati tanqidchilari tomonidan boshqariladigan Telegram-kanallar haqida ma’lumot qidirilyapti, so‘ngra jinoiy javobgarlikka tortish tahdidi ostida frontga borish taklif etilyapti.
Birgina Staropromislovskiy politsiya bo‘limida 20 kishi ushlab turilibdi, deya ta’kidlaydi «Memorial». Ayni paytda yaqinlar ma’lumot berishdan qo‘rqayotgani tufayli qo‘lga olishlar tafsilotlarini aniqlash qiyin, deb yozadi tashkilot.
«Memorial»: qo‘lga olish odamlarni frontga jo‘natish maqsadida amalga oshirilyapti
Huquq himoyachilari qo‘lga olish holatlaridan biri tafsilotlarini ma’lum qildi. Xavfsizlik kuchlari hafta davomida to‘rt marta Arg‘unda yashovchi, nogironligi bor, 82 yoshli onasi bilan yashovchi 42 yoshli Rizvon Botirovning uyiga kelgan. Oxirgi borganda ular erkakni kaltaklab, bo‘limga olib ketishgan, shundan so‘ng uning qarindoshlariga telefonidan noqonuniy narsa topilganini aytishgan. Botirov haligacha politsiyadan ozod qilinmadi, garchi qonunga ko‘ra, nogironligi sababli u bilan harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma tuzishning imkoni yo‘q.
«Rizvon ko‘rinishidan sog‘lom va baquvvat odamga o‘xshaydi va uning qo‘lga olinishiga sabab - ular uni urushga jo‘natmoqchi», deb hisoblaydi «Memorial». Huquq himoyachilari, shuningdek, Rosgvardiya kolonnasiga hujumni xavfsizlik kuchlari qo‘lga olish va Ukrainaga qarshi urushga jo‘natish uchun odamlarni to‘plash maqsadida uyushtirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
24 oktyabr kuni Grozniy rayonida Rosgvardiya kolonnasiga o‘q uzilgani haqida xabar berilgan edi. Natijada bir kishi halok bo‘ldi, bir kishi yaralandi. Hujum qilganlar voqea joyidan yashiringan.
Mavzuga oid
19:20 / 15.12.2024
Ukraina dronlari Grozniydagi bazaga hujum qildi
22:28 / 12.12.2024
Ramzan Qodirov 100 mingga yaqin jangchisi urushda qatnashmayotganini tan oldi
20:19 / 25.11.2024
Qur’onni yoqqani uchun qamalgan Nikita Juravelga yangi hukm o‘qildi - u «davlatga xiyonat»da aybdor deb topildi
14:56 / 17.11.2024