Jamiyat | 17:02 / 12.11.2024
10855
3 daqiqa o‘qiladi

Piskentda haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida qariyb 16 ming tup olxo‘ri daraxti yonib ketdi

Olxo‘ri bog‘i yonidagi ichki dala yo‘lida haydovchi boshqarib ketayotgan avtogreyderning tom qismi yuqori kuchlanishdagi elektr simlariga tegib ketgan. Buning oqibatida yong‘in kelib chiqqan hamda 15 984 tup olxo‘ri daraxti va tomchilatib sug‘orish tizimi nobud bo‘lgan. Yetkazilgan zarar 2,8 mlrd so‘mga baholangan.

Illyustrativ foto

Toshkent viloyatining Piskent tumanida 24 gektarlik intensiv bog‘ yonib ketdi. Bog‘da 16 ming tupga yaqin olxo‘ri daraxti bo‘lgan. Yong‘in avtogreyder mashinisti ehtiyotsizligi oqibatida kelib chiqqan. U jinoiy jazoga tortildi.

Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, hodisa 30 may kuni sodir bo‘lgan. 1991 yilda tug‘ilgan B.A. hududdagi MChJlardan biriga tegishli olxo‘ri bog‘i yonidagi ichki dala yo‘lida avtogreyderni boshqarib borayotganda transportning tom qismi yo‘l ustidan o‘tgan yuqori kuchlanishdagi elektr simlariga tegib ketgan. Oqibatda chaqnash sodir bo‘lib, yong‘in yuzaga kelgan.

Yong‘inda intensiv bog‘dagi 15 984 tup olxo‘ri daraxti va tomchilatib sug‘orish tizimi nobud bo‘lgan. B.A. tomonidan jamiyatga 2 mlrd 808 mln so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

B.A. sudda aybiga iqrorlik bildirib, xususiy korxonada haydovchi bo‘lib ishlashini, hodisa ish vaqtida sodir bo‘lganini ma’lum qilgan.

Jabrlanuvchi esa 2024 yil bahorda bog‘ga narxi 28 800 dollar bo‘lgan tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatganini, daraxtlar to‘liq hosilga kirgan yili o‘rtacha 200 000 dollar daromad keltirganini, hosilni eksport qilishi va ichki bozorga yetkazib berishini bildirgan. Shuningdek, u yetkazilgan zararni B.A. ishlagan xususiy korxonadan undirib berishni so‘ragan.

Sud hukmi bilan B.A. Jinoyat kodeksining 198-moddasi 1-qismida (olovga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish natijasida ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga yoki boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga ish haqidan 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Yetkazilgan 2 mlrd 808 mln so‘m mablag‘ni u ishlagan xususiy korxonadan undirish belgilangan.

Mavzuga oid