Jahon | 18:28 / 29.11.2024
31719
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda benzin narxi eng arzon bo‘lgan mamlakatlar ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston reytingda benzin narxining o‘rtacha segmentidan joy oldi.

Foto: Getty Images 

Eron, Liviya va Venesuela dunyoda benzin narxi eng arzon bo‘lgan mamlakatlar hisoblanadi. Bu Global Petrol Prices ma’lumotlaridan oydinlashmoqda.

Qayd qilinishicha, Eronda 1 litr benzinning narxi $0,02 (taqqoslash oson bo‘lishi uchun narxlar AQSh dollarida keltirilgan), Liviya va Venesuelada $0,03.

Eng qimmati Hongkong ($3,30), Monako ($2,23) va Islandiyada ($2,19).

O‘zbekistonda 1 litr benzinning narxi $0,99 va bu dunyodagi o‘rtacha narx segmentiga to‘g‘ri keladi.

Possovet davlatlari orasida eng arzon benzin Turkmaniston ($0,42), Qozog‘iston ($0,49) va Rossiyada ($0,57) qayd etilgan. Eng qimmati Moldova ($1,25), Armaniston ($1,33) va Ukrainada ($1,38).

Dunyo bo‘ylab benzinning o‘rtacha narxi 1,25 dollarni tashkil qiladi.

Global Petrol Prices ekspertlarining qayd etishicha, boy mamlakatlarda narxlar yuqoriroq, qashshoq mamlakatlar va neft ishlab chiqaradigan va eksport qiluvchi mamlakatlarda esa nisbatan past narxlar mavjud. Yagona istisno - benzin narxi past bo‘lgan iqtisodiy rivojlangan Amerika Qo‘shma Shtatlari.

Ta’kidlanishicha, turli mamlakatlardagi narxlarning farqi benzinga har xil soliqlar va subsidiyalar bilan bog‘liq. Barcha mamlakatlar xalqaro bozorlarda neftni bir xil narxda sotib oladi, ammo turli soliqlarni qo‘llaydi. Natijada, benzin narxi har xil.

Mavzuga oid