Jahon | 11:32 / 30.11.2024
3525
2 daqiqa o‘qiladi

Grozev: RF maxsus xizmatlari odamlarni yollashga tayanmoqda

G‘arb ko‘p sonli agentlarni chiqarib yuborganidan so‘ng, Rossiya maxsus xizmatlari odamlarni yollashga tayanmoqda, dedi Grozev. Unga ko‘ra, Skripallar ishi bo‘yicha tanilgan Mishkin va Chepiga ham yollash bilan shug‘ullangan.

Foto: AP

Rossiya maxsus xizmatlari odamlarni yollashga tayanmoqda, chunki G‘arb davlatlari ko‘p sonli agentlarini chiqarib yuborganidan so‘ng, ular «dunyo bo‘ylab safar qila olmaydi». Bu haqda 29 noyabr, juma kuni «Dojd» telekanalida surishtiruvlar bilan shug‘ullanuvchi jurnalist Xristo Grozev aytib o‘tdi.

Unga ko‘ra, yollash Moskva va Sevastopoldan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Sankt-Peterburgda Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasining odamlarni yollash bilan shug‘ullanuvchi yangi markazi ochildi, deya qo‘shimcha qildi Grozev.

«Mishkin va Chepiga jinoyatchilarni yollash bilan shug‘ullanmoqda»

Uning ta’kidlashicha, Rossiya maxsus xizmatlarining taxminiy agentlari Aleksandr Mishkin va Anatoliy Chepiga (shuningdek, Skripallarni zaharlash bo‘yicha ishda Petrov va Boshirov ismlari bilan ham mashhur) «butun dunyodan jinoyatchilarni yollash va qayta yollash bilan shug‘ullanadi».

Rossiyaning Ukrainadagi urushi boshida Mishkin ko‘pincha Ukraina hududida diversiya va sabotajlar sodir etgan guruh bilan front ortida bo‘lgan, ammo so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u hozir o‘qitish bilan mashg‘ul va yollash bilan shug‘ullanmoqda, dedi Grozev.

Chepiga, uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvadagi Michurin prospektida yashaydi va «boshqa josuslarni — ham professional maxsus kuchlarni, ham professional bo‘lmagan, jinoyatchilarni tayyorlash» bilan shug‘ullanadi.

Mavzuga oid