O‘zbekiston | 11:54 / 02.12.2024
7676
1 daqiqa o‘qiladi

Rossiya kompaniyasi O‘zbekistondan mutaxassislar jalb etishni rejalashtiryapti

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Novosibirsk shahridagi "Texnopan" mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Yevgeniy Vaulin bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Foto: "Dunyo" AA

Kompaniyaning Novosibirsk shahrida joylashgan ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishish chog‘ida Rossiya tomoni bilan hamkorlikning dolzarb masalalari, jumladan, bugungi kunda korxonada ishlayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar sonini ko‘paytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Sibirdagi yuqori sifatli sendvich-panellar ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biri sanalgan ushbu kompaniya korxonalarida O‘zbekistondan 21 nafar mutaxassis – ishchilardan tortib ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish tizimi operatorigacha ishlayapti.

Shu bilan birga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmini yanada oshirish maqsadida O‘zbekistondan yanada ko‘proq mutaxassislarni jalb etishdan korxona manfaatdor.

Mazkur korxonada ishlayotgan hamyurtlar bilan kechgan suhbat chog‘ida ularning mehnat va yashash  sharoitlari to‘g‘risida fikrlari tinglandi.

Mehnat migrantlari bo‘lgan yurtdoshlar ish haqini o‘z vaqtida olayotganini, ish beruvchi tomonidan barcha sharoitlar yaratilganini ma’lum qilishdi.

Mavzuga oid