Trampning maslahatchilari Ukraina uchun tinchlik rejasining uchta asosiy variantini taklif qilishmoqda
Ular NATOga a’zolikni istisno etadi va Kiyev hududlaridan voz kechishini talab qiladi.
Donald Trampning maslahatchilari ochiq va maxfiy tarzda Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha takliflarini ilgari surmoqda, bu takliflar birgalikda saylangan prezidentning tinchlik rejasi konturlarini ko‘rsatadi, deb yozmoqda jurnalistlari turli bayonotlarni o‘rgangan hamda manbalar bilan gaplashgan Reuters agentligi.
Reuters’ning to‘rt manbasiga ko‘ra, noyabr oyi oxiriga kelib ham Tramp hali tinchlik rejasini ishlab chiqish uchun ishchi guruhni tuzishga ulgurmagandi, ammo bir necha maslahatchilar ochiq forumlarda bir-biriga, ayrim holatlarda Trampning o‘ziga o‘z takliflarini bildirishgan.
Trampning birinchi muddatida milliy xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullangan xodimlaridan biri tasdiqlashicha, hozirda uchta asosiy taklif mavjud: Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus elchilikka nomzod Kit Kellogdan, vitse-prezident Jyey Di Vensdan va AQShning Germaniyadagi sobiq elchisi, milliy razvedka xizmati sobiq direktori Richard Grenelldan.
Kellogning AQSh Milliy xavfsizik kengashi sobiq mas’ul kotibi Fred Fleyts hammuallifligidagi rejasi agar Kiyev Moskva bilan muzokaralarni boshlamasa, Vashington Ukrainani harbiy yordamdan mahrum qilishini ko‘zda tutadi. Rossiya muzokaralardan bosh tortishi esa, Amerikaning Ukrainaga yordami oshirilishiga olib keladi. Bu rejaga ko‘ra, tomonlar «mavjud front chizig‘i» asosida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olishi kerak bo‘ladi.
Jyey Di Vens esa o‘z g‘oyalarini sentabr oyidayoq bayon qilgandi — uning fikricha, kelishuv mavjud front chizig‘ida demilitarizatsiya qilingan hududni o‘z ichiga olishi va bu hudud Rossiyaning kelgusi ehtimoliy bosqinining oldini olish uchun «jiddiy darajada mustahkamlanishi» lozim. Uning taklifi Ukraina NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishini nazarda tutadi.
Iyul oyida AQSh Respublikachilar partiyasi qurultoyi doirasida Bloomberg News davra stolida chiqish qilgan Grenell Ukraina sharqida «avtonom regionlar» yaratishni taklif qilgan va mamlakat yaqin vaqtlar ichida NATOga qo‘shilishiga qarshi chiqqandi.
Reuters manbalaridan biri aytishicha, Grenell hali yangi ma’muriyatdan o‘rin olmagan bo‘lsa-da, u Yevropa masalalarida Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Grenell sentabr oyida Nyu Yorkda Donald Trampning Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvida qatnashgan kam sonli kishilardan biri edi.
Reuters qayd etishicha, uchala taklif ham Ukrainaning NATOga a’zoligi masalasi kun tartibidan chiqarilishi bo‘yicha umumiylikka ega. Bu, katta ehtimol bilan, NATOga taklif etilishni o‘zining «g‘alaba rejasi»ning bir qismiga aylantirgan Volodimir Zelenskiy, shuningdek, Yevropadagi ittifoqchilar hamda ayrim amerikalik kongressmenlar tomonidan qarshilikka uchrashi mumkin, deyishmoqda tahlilchilar va milliy xavfsizlik organlarining sobiq xodimlari.
Noyabr oyi oxirida Zelenskiy agar Ukrainaning Kiyev nazoratida qolgan hududlari «NATO soyaboni ostiga» olinadigan bo‘lsa, urushning «qaynoq fazasi» yakunlanishi mumkinligini aytgandi. U keyinroq aniqlik kiritib, mamlakatni okkupatsiya qilingan hududlarisiz, qisman harbiy alyansga taklif qilib bo‘lmasligini aytgandi.
Maslahatchilar fikricha, yakuniy tinchlik kelishuvi Tramp, Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi bevosita shaxsiy munosabatlarga bog‘liq bo‘ladi. Ammo, tahlilchilar hamda amerikalik sobiq mulozimlar Tramp Putin hamkorlikni istamasligiga duch kelishi, chunki u hududlarni egallashda davom etish foydaliroq deb hisoblashi mumkinligini aytishgan.
Saylovoldi kampaniyasi davrida Donald Tramp bir necha bor prezidentlikka saylanganidan keyin Ukrainadagi urushni hali lavozimga kirishmasdanoq, «24 soat ichida» tugatishini aytgandi, ammo buni qay tarzda amalga oshirmoqchi ekanini izohlamagan. Zelenskiy bunga javoban, takliflarni eshitishga tayyorligi, ammo «agar ular shunchaki hududlarni topshirishdan iborat bo‘ladigan bo‘lsa, ular juda ibtidoiyligi»ni ta’kidlagandi.
Mavzuga oid
21:42
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
19:00
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
17:01
Tramp Panama kanalini olib qo‘yish bilan tahdid qildi
13:17