Jahon | 00:24 / 06.12.2024
11584
6 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi eng yirik sug‘urta kompaniyalaridan birining ijrochi direktori otib ketildi. Qotillik videoga tushib qolgan

Manxettenda 2023 yilda daromadi 281 mlrd dollarni tashkil etgan UnitedHealthcare sug‘urta kompaniyasining ijrochi direktori Brayan Tompson otib ketildi. Politsiya qotilni ikki kundan beri qidirmoqda. Jinoyatchi haqida ma’lumot berganlarga 10 ming dollar va’da qilingan.

Foto: AP Photo

Nyu-Yorkda politsiya AQShdagi eng yirik tibbiy sug‘urta kompaniyalaridan biri UnitedHealthcare ijrochi direktori — 50 yoshli Brayan Tompsonni otib ketgan erkakni qidirishni davom etmoqda.

Qotillik 4 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:00 larda Manxetten markazida sodir bo‘ldi. Nyu-York politsiyasi komissari Jyessika Tishning so‘zlariga ko‘ra, qurollangan niqobli erkak Tompsonni Hilton Midtown mehmonxonasi yaqinida kutib turgan — bu yerda sug‘urta kompaniyasi investorlarining konferensiyasi bo‘lib o‘tishi kerak edi. CNN ixtiyoriga kelib tushgan videoga ko‘ra, Tompson mehmonxonaga yaqinlashganida kapyushon va kulrang ryukzakda bo‘lgan erkak uning yonida paydo bo‘ladi va orqasidan o‘q uzadi. Tompson hujum uyushtirgan shaxsga o‘girilishga ulguradi, ammo keyin yerga yiqiladi. Jinoyatchi unga yaqinlashib, yana bir necha bor tepkini bosadi.

Qochib ketayotgan jinoyatchini Amar Abdulmula ismli taksi haydovchisi suratga olishga muvaffaq bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum uyushtirgan shaxs ovoz so‘ndirgich o‘rnatilgan pistoletdan o‘q uzgan. Amar uni ko‘chadan yugurib o‘tayotganida ko‘rib qolgan. ABC News bilan suhbatda u gumonlanuvchini bo‘yi 185 santimetrga yetadigan, ozg‘indan kelgan erkak deb ta’rifladi.

Qotillikka nima sabab bo‘lgani hozirga qadar noma’lum, ammo politsiyaga ko‘ra, bu «qasddan, oldindan rejalashtirilgan hujumdir». CNN’ning tergovga yaqin manbalarining ta’kidlashicha, hujum uyushtirgan shaxs o‘q uzganidan keyin ko‘chaning qarama-qarshi tarafiga o‘tgan, xilvat joyga yashiringan va elektrovelosiped haydab ketgan. Uni oxirgi marta Markaziy bog‘ hududida ko‘rishgan.

Politsiyachilar hududni tekshirib chiqqan, ammo na velosiped, na qurol topilgan. Ular qotil qochayotganida tushib qoldirgan deya taxmin qilinayotgan suv idishi va telefonni topgan. Politsiya vakilining aytishicha, Starbucks kafesi kamerasi yozib olgan videoda hujum uyushtirgan shaxs suiqasddan taxminan yarim soat oldin suv va ikkita batonchik sotib olgani tasvirlangan. Politsiya o‘q uzgan erkakning shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida topilgan telefonni blokdan chiqarishga urinmoqda. Gumonlanuvchini topishga yordam bergan har qanday ma’lumot uchun 10 ming dollargacha mukofot e’lon qilingan.

Tergov jarayonidan xabardor manbaga ko‘ra, UnitedHealth Group (AQShdagi eng yirik sug‘urta kompaniyasi) o‘z rahbariyatiga nsibatan tahdidlar to‘g‘risida ogohlantirilgan. Ushbu tahdidlarda Brayan Tompson ismi tilga olinmagan.

NBC News’ga izoh bergan Tompsonning bevasi Polettga ko‘ra, uning turmush o‘rtog‘iga qandaydir tahdidlar kelib turgan, bu haqida uning o‘zi aytib bergan. 

UnitedHealth Group rahbariyatini qo‘riqlash bilan shaxsiy xavfsizlik xizmati shug‘ullangan. U Nyu-Yorkdagi konferensiya xavfsizligi uchun ham javobgar bo‘lgan. Ammo otishma sodir bo‘lgan paytda Tompsonning yonida qo‘riqchilar bo‘lmagan.

Brayan Tompson Minnesota shtatida yashagan. U UnitedHealthcare’da 2004 yildan beri ishlab kelgan. Ijrochi direktor lavozimiga tayinlangunga qadar kompaniyada turli lavozimlarda faoliyat yuritgan, ular orasida davlat dasturlari, jumladan, pensiya ta’minoti bo‘yicha bo‘linma bosh direktorligi ham bor.

2024 yilning mayida Tompson firibgarlik va insayderlik savdosida ayblanib, sudga berilgan. UnitedHealth Group, bosh direktor Endryu Uitt, direktorlar kengashi raisi Stiven Xemsli va Brayan Tompsonga qarshi da’vo Hollivud o‘t o‘chiruvchilar Pensiya jamg‘armasi tomonidan ilgari surilgan. Jamg‘arma kompaniya rahbariyati AQSh Moliya vazirligining antimonopoliya tergovi natijalarini yashirib, aksiyalar narxini oshirganlikda ayblagan.

UnitedHealthcare — bu UnitedHealth Group’ning tibbiy sug‘urta bo‘yicha bo‘linmasi. O‘z navbatida UnitedHealth Group Amerikadagi eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lib, daromadi bo‘yicha Fortune reytingida to‘rtinni o‘rinni egallaydi. UnitedHealthcare ish beruvchi tomonidan va individual tibbiy sug‘urtalarni taqdim etadi. 2023 yil hisobotiga ko‘ra, UnitedHealthcare 52 milliondan ziyod mijozga xizmat ko‘rsatgan. 2023 yilda kompaniya 1,7 milliondan ortiq shifokor va tibbiyot xodimlari, shuningdek, 7 mingdan ziyod tibbiy muassasalar bilan hamkorlik qilgan.

Tompson boshqargan UnitedHealthcare 2023 yilda 281 milliard dollar daromad ko‘rgan va UnitedHealth Group’ning eng yirik shu’ba kompaniyasiga aylangan. Tompsonning yillik daromadi 10,2 million dollarni tashkil etgan (maosh, bonuslar va aksiyalar bilan birga) bo‘lib, u kompaniya rahbariyati orasida eng ko‘p maosh oladigan shaxslardan biri hisoblangan.

Associated Press’ning qayd etishicha, Tompson AQShdagi eng yirik tibbiy sug‘urta kompaniyasi boshqargan bo‘lsa-da, «qarorlari ta’sir ko‘rsatgan millionlab insonlarga u noma’lum edi».

Mavzuga oid