Jahon | 12:36 / 06.12.2024
31356
7 daqiqa o‘qiladi

Manhettenda shov-shuvli qotillik: gumonlanuvchining aniqroq surati paydo bo‘ldi

Gumonlanuvchi uch kundan buyon qidirilmoqda. Politsiya uni qidirishda yordam beradigan ma’lumot uchun 10 ming dollar mukofot puli va’da qilgan. 

Nyu York politsiyasi chorshanba kuni shahar markazida Amerikadagi UnitedHealthcare tibbiy sug‘urta sohasidagi eng yirik xususiy kompaniya ijrochi direktori Brayan Tompsonni o‘ldirishda gumonlanayotgan shaxsning yangi fotosuratini namoyish etdi.

«Barcha belgilariga ko‘ra, bu tasodifiy zo‘ravonlik akti bo‘lmagan, — deb xabar bergan shahar politsiya boshqarmasi. — Barchasi bu oldindan rejalashtirilgan, qasddan amalga oshirilgan hujum bo‘lganini ko‘rsatmoqda».

Dastlabki tarqalgan fotosuratlarda gumonlanuvchining faqat ko‘zini ko‘rish mumkin edi: yuzning pastki qismi niqob ostiga yashiringan. Yangi tasvirda esa uning yuzi to‘liq ochilgan.

BBC xabariga ko‘ra, suratlarda aks etganning shaxsiga aniqlik kiritish uchun yuzni tanish texnologiyasi qo‘llangan.

Nyu York shahri meri Erik Adams jurnalistlarni Tompsonning qotilligi bo‘yicha tergov «barqaror sur’atda olib borilayotgani»ga ishontirib, hatto tez orada ilk qo‘lga olishlar o‘tkazilishiga va’da bergan.

Shaharda uchinchi kundirki keng ko‘lamli qidiruv amaliyoti o‘tkazilmoqda. Politsiya gumondorning joylashuvi haqidagi ma’lumot uchun 10 ming dollar miqdorida mukofot e’lon qilgan.

CBS News telekompaniyasi xabar berishicha, qotillik joyidan topilgan uchta gilzada marker bilan quyidagi so‘zlar ingliz tilida yozilgan: «rad et» (ingl. «deny»), «himoyalan» («defend») va «ag‘dar» («depose»).

Bu so‘zlar aynan nimani anglatishi haqida hozircha xabar qilinmagan. Ammo politsiya bu yozuvlar qotillik motivlari bilan qandaydir bog‘liq bo‘lishi mumkinligini o‘rganmoqda.

Qotillik qanday sodir etilgan?

50 yoshli Tompson chorshanba tongida Manhettendagi Hilton mehmonxonasi oldida o‘qotar quroldan o‘limga olib keladigan darajada og‘ir jarohatlangan.

Hujum qilgan shaxs jinoyat joyidan yashiringan. Politsiya Tompsonni o‘ldirish oldindan rejalashtirilgan bo‘lganini taxmin qilmoqda.

Voqea Manhettenning odamlar bilan gavjum bo‘ladigan qismida, Tayms-skver va Markaziy parkdan uzoq bo‘lmagan masofada sodir bo‘lgan. Shu kuni Tompson investorlar uchun konferensiyada chiqish qilishi kerak edi.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, niqobdagi gumonlanuvchi Tompsonni konferensiya o‘tkazilgan Hilton mehmonxonasi hovlisida besh daqiqa davomida kutib turgan.

Tompson bu yerga piyoda yurib kelgan. U mehmonxonaga yaqinlashganida uch bor o‘q uzilgan. O‘qlar uning yelkasiga va oyog‘iga tekkan. Tadbirkorni shifoxonaga olib borishgan, bu yerda shifokorlar uning o‘limini qayd etishgan.

Nyu York politsiya boshqarmasi rahbari Jozef Kenni gumonlanuvchining quroli avvaliga otilmay qolgani, lekin u nosozlikni bartaraf etib, o‘q otishda davom etganini aytgan.

Videokuzatuv kameralarida jinoyat sahnasi muhrlangan, videoyozuvlarda gumondor voqea joyini qanday tark etayotgani ham ko‘ringan. Oxirgi marta uni Markaziy parkda elektr velosipedda ketayotganida ko‘rishgan.

Tergov

Tompsonning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov politsiya gumonlanuvchini aniqlash uchun foydalanayotgan bir necha dalilga qaratilgan.

Xususan, gumonlanuvchi jinoyat sodir etishidan bir necha daqiqa oldin Starbucks kafesi yaqinidagi kuzatuv kamerasiga tushib qolgan.

Tasvirda u niqoblangan bo‘lsa-da, politsiyadagi manba niqob uning yuzini to‘liq yopish uchun yetarli darajada ko‘tarilmaganini aytgan. Bu tergovchilarga yuzni tanish algoritmlarini qo‘llashga imkon bergan.

Bundan tashqari, politsiya voqea joyida topilgan uchta gilza va patronlar orqali DNK-tahlil o‘tkazmoqda.

Gumonlanuvchi qochib ketgan yo‘l muyulishida mobil telefon ham topilgan, politsiya uni ham o‘rganmoqda.

Tergovchilar otishma joyiga qo‘shni ko‘chada Tompson tunagan Marriott mehmonxonasidagi nomer ham tintuv qilinishini ma’lum qilgan.

Qotillik motivi hamon noma’lum.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Tompson tug‘ilgan shahar — Minnesota shtatidagi Meypl-Grouvda — 2018 yilda uning uyida yana bir shubhali hodisa ro‘y bergandi, ammo politsiya jinoyat tarkibi aniqlanmagani tufayli ishni yopgan.

Brayan Tompson kim o‘zi?

Tompson 2004 yilda UnitedHealthcare tibbiy sug‘urta kompaniyasida ish boshlagan va ko‘plab rahbarlik lavozimlarni egallagan, jumladan, kompaniyaning davlat dasturlari bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi bosh direktori bo‘lgan.

Minnesota shtatining Minneapolis shahri chekkasida yashagan Tompson 2021 yil aprelida UnitedHealthcare ijrochi direktori lavozimiga tayinlangan.

So‘nggi yillarda uning maoshi miqdori yiliga 10 mln dollar atrofida bo‘lgan.

Bevasining so‘zlariga ko‘ra, Brayan Tompson tibbiy sug‘urta bilan bog‘liq tahdidlar olgan.

Polett Tompson NBC bilan suhbatda shunday deydi: «Qandaydir tahdidlar bo‘lgandi. Men aniq bilmayman, [tibbiy] sug‘urta yo‘qligi haqidami? Men faqat shuni bilamanki, u o‘ziga tahdid qilayotgan odamlar borligini aytgan».

Joriy yilda Tompsonga qarshi insayderlik ma’lumotlaridan shaxsiy ishlarida foydalanish bo‘yicha ayblov qo‘yilgandi.

2024 yil mayida pensiya jamg‘armasi tomonidan qo‘zg‘atilgan kollektiv da’voda u kompaniya AQSh Adliya vazirligi tekshiruvi ostida ekanidan xabar topgach, UnitedHealth’dagi aksiyalarini 15 mln dollarga sotgani aytilgan.

Wall Street Journal’ning fevral oyidagi boshqa surishtiruvida aytilishicha, tergov kompaniya AQSh monopoliyaga qarshi qonunchiligini buzgan yoki yo‘qligini tekshirayotgandi.

UnitedHealthcare qanday kompaniya?

UnitedHealth Group — sug‘urta kompaniyalari, tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalar va dorixonalarni o‘z ichiga olgan ulkan kompaniya. 2023 yilda uning daromadi 371 mlrd dollardan oshiq bo‘lgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yil mobaynida kompaniya 35 dan ortiq tibbiy kompaniyalarni sotib olgan.

AQSh Adliya vazirligi tergovchilari kompaniya o‘z bozor kuchidan raqobatni kamaytirish, mijozlar va xodimlarga zarar yetkazish uchun foydalangani yoki yo‘qligini tekshirmoqda.

Hollivud o‘t o‘chiruvchilari pensiya jamg‘armasi Tompson va kompaniyaning boshqa rahbarlarini kompaniyaning  117 mln dollarlik aksiyalarini sotishdan oldin tergov haqida investorlarga xabar bermaganlikda ayblab, sudga bergan.

Pensiya jamg‘armalari — katta miqdordagi aksiyalarni xarid qiluvchi uzoq muddatli investorlardir.

UnitedHealth’ga qarshi da’vo hali ko‘rib chiqish bosqichida.

Mavzuga oid