Jahon | 09:12 / 07.12.2024
2511
2 daqiqa o‘qiladi

RFda xorijiy internetdan uzish bo‘yicha mashqlar o‘tkazilmoqda

Roskomnadzor global tarmoqdan uzilgan taqdirda «Runet barqarorligini» tekshiradi. Rossiya Federatsiyasining uchta mintaqasida WhatsApp va Telegram messenjerlari ishida uzilish kuzatilyapti.

Foto: picture-alliance

Rossiyada global tarmoqdan uzilgan taqdirda «Runet xavfsizligi va barqarorligini» tekshirish uchun navbatdagi mashqlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda 6 dekabr, juma kuni Roskomnadzor (RKN) matbuot xizmati «Interfaks» davlat agentligiga ma’lum qildi. Mashqlar Rossiya Federatsiyasining kamida uchta tarkibiy tuzilmasi — Checheniston, Dog‘iston va Ingushetiyada bo‘lib o‘tmoqda, dedi «Energoinform» internet provayderi xodimlari «Ostorojno, novosti» nashriga.

Telegramʼga kirish uch mintaqada bloklangan

RKNning tushuntirishlari ko‘rsatilgan uchta hududda Telegram va Whatsapp messenjerlariga kirish vaqtinchalik bloklangani haqidagi xabarlardan keyin taqdim etildi. «Ellko» operatoriga ko‘ra, cheklovlar 24 soat, 7 dekabr, shanba kuni soat 16.00 gacha davom etadi.

«Mashg‘ulotlarning maqsadi – tashqi ta’sirlar yuzaga kelgan taqdirda Rossiya internet-infratuzilmasining asosiy xorijiy va Rossiya xizmatlarining mavjudligini ta’minlashga tayyorligini tasdiqlash», — deya ma’lum qildi Roskomnadzor va mashg‘ulotlar 2019 yildan beri muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotganini qo‘shimcha qildi.

Noyabr oyi o‘rtalarida Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki banklar va hisobot beruvchi tashkilotlarga xat yubordi, unda 2024 yilda Runetni xorijiy tarmoqdan uzish mashqlari «ayrim mintaqalar hududlariga» ta’sir qilishi aytilgan. Shu munosabat bilan Markaziy bank tashkilotlarga Roskomnadzorga global internet bilan ulanishni talab qiladigan «texnologik jarayonlar» haqida hisobot berishni tavsiya qildi.

Runetni global tarmoqdan uzish bo‘yicha oldingi mashq RKN tomonidan 2023 yil iyul oyida o‘tkazilgan. Ularning natijalari «muvaffaqiyatli» deb topildi.

Mavzuga oid