Samarqandda 23 yoshli ayol 8-qavatdan tushib ketib, vafot etdi: fojiaga nima sabab bo‘lgani noma’lum
Hodisa sabablari haqida turli taxminlar aytilmoqda. O‘lim yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov tekshirish davomida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan sabablar ham o‘rganib chiqilishini ma’lum qildi.
12 dekabr kuni Samarqand shahrida yashovchi 23 yoshli kosmetolog-bloger ayol 8-qavatdan tushib ketib vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, marhuma Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi bosh vrachining kelini bo‘lgan.
Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning ma’lum qilishicha, ayolning o‘limi bilan bog‘liq holat bo‘yicha prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Marhumaning o‘limi yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Shamsuddinov tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, u tekshirish davomida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan vajlar ham o‘rganib chiqilishini qo‘shimcha qilgan.
Ayolning o‘limi haqida tarqalayotgan xabarlar orasida bloger o‘z joniga qasd qilgani ham aytilgan. Yana bir versiyaga ko‘ra, ayolning o‘limida oila a’zolarining ta’siri bo‘lishi mumkin.
Jumladan, bloger Aqida Xanum marhumaning yaqinlari bilan yozishmalarini Facebook’ka joylagan. Rasmlarda ko‘kargan qo‘l bor.
Shu kabi postlardan keyin bunday taxminlar aybsizlik prezumpsiyasiga zid ekanini aytib, «Samarqand» gazetasi sobiq bosh muharriri, jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev ham Facebook’dagi sahifasiga post joylagan.
U marhuma 2024 yil bahorida oila qurgani va umr yo‘ldoshi bilan 3-4 oy yashagani haqida yozgan. «Shundan so‘ng ular ajrashib, keyingi 5 oy davomida juvon onasining uyida yashagan», – deb yozgan T.Rahmatullayev.
Jurnalistga ko‘ra, marhuma tibbiyot yo‘nalishida 6-bosqichda o‘qigan. U kosmetolog bo‘lgan. «Uni so‘rab, xizmatidan foydalanadigan mijozlari ham ko‘p ekan. O‘zi jamg‘arma tashkil etib, to‘plangan mablag‘ni xayriya ishlarida sarflab kelgan. Muhtoj qariyalarga, bemor bolalarga muntazam yordam qo‘lini cho‘zib, kerakli anjomlar, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatgan», – deb yozgan jurnalist.
Jurnalist suhbatlashgan Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori Dilnoza Sobirovaning so‘zlariga ko‘ra, marhuma fojiadan bir kun avval tibbiyot markazida davolanayotgan bolalar uchun shirinliklar yuborib, o‘zi ham ertasi kuni kelishini bildirgan.
«Ammo o‘sha kuni kechasi mudhish voqea... Biz esa uni kutgandik, bunaqa bo‘lishi xayolimizga ham kelmagan edi. Ming afsus...», – degan D.Sobirova.
«Shunday juvon o‘z joniga qasd qilganini qanday izohlash mumkin?» — deb so‘raganimda, D.Sobirova quyidagilarni aytdi:
«Go‘zal o‘z joniga qasd qiladiganlardan emasdi. Uning ruhiyati sog‘lom, o‘zi juda optimist edi. U faqat ezgulikni o‘ylab, ezgulik yo‘lida xizmat qilib kelayotgandi. Fojia sabablarini tahlil qilish, holat qanday yuz berganini sinchiklab tekshirish talab etiladi», – deb post qoldirgan Toshpo‘lat Rahmatullayev.
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024