Jamiyat | 19:21 / 14.12.2024
4176
2 daqiqa o‘qiladi

G‘ijduvondagi savdo do‘konlarida yong‘in chiqdi

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi savdo do‘konlarida yong‘in chiqdi. Hodisa joyiga FVB, IIB, prokuratura va barcha FVDT xizmatlari rahbariyatlari jalb qilingan.

Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi G‘ijduvon tumanidagi savdo do‘konlarida sodir bo‘layotgan yong‘in yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 14 dekabr kuni soat 16:40 da G‘ijduvon tumani «Degrezon» MFY yo‘li yoqasidagi savdo do‘konlarida yong‘in bo‘layotgani to‘g‘risida tuman FVBga xabar kelib tushgan. Xabarga asosan zudlik bilan to‘rtta yong‘in-qutqaruv avtoekipaji jalb qilingan va soat 17:48 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.

Ta’kidlanishicha, voqea joyiga viloyat FVB, IIB, prokuratura va barcha FVDT xizmatlari rahbariyatlari jalb qilingan. Yong‘in oqibatida fuqarolarning kuyish va tan jarohati olish holatlari qayd etilmagan.

«Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarari bo‘yicha IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

O‘z navbatida idora yong‘in G‘ijduvon bozorida emas, balki yo‘l yoqasidagi savdo do‘konlarida yuz berayotganini qayd etib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini noto‘g‘ri ma’lumot tarqatmaslikka chaqirdi.

Mavzuga oid