O‘zbekiston | 01:27 / 17.12.2024
14946
4 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyot va moliya vaziriga yangi o‘rinbosarlar, Pensiya jamg‘armasi va G‘aznachilik xizmatiga rahbarlar tayinlandi

Umid Obidxo‘jayev va Ilhom Umrzoqov iqtisodiyot va moliya vazirining yangi o‘rinbosarlari etib tayinlandi. Shuningdek, G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Murod Otajonov Pensiya jamg‘armasiga direktor bo‘ldi.

Umid Obidxo‘jayev iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. Mazkur tayinlovga qadar u 2021 yil may oyidan beri Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Umid Obidxo‘jayev 1987 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2009 yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetini, 2014 yilda Yaponiyaning Keyo universiteti magistratura bosqichini hamda 2017 yilda Keyo universiteti doktorantura bosqichini iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.

Umid Obidxo‘jayev va Ilhom Umrzoqov 
Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Mehnat faoliyatini 2009 yilda Davlat mulki qo‘mitasining Tashqi aloqalar va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi yetakchi mutaxassisi lavozimida boshlagan. U 2014–2016 yillarda Yaponiyada Osiyo taraqqiyot banki institutining infrastruktura investitsiyalari bo‘yicha ilmiy xodim, 2017–2018 yillarda Osiyo taraqqiyot bankining Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi infratuzilma investitsiyalarini baholash instituti loyihasi bo‘yicha maslahatchisi, 2018–2019 yillarda Yaponiyadagi Keyo universitetida iqtisodiyot bo‘yicha ilmiy xodim lavozimida faoliyat yuritgan.

2019 yilda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Infratuzilma loyihalarini tahlil qilish guruhi rahbari vazifasini vaqtincha bajarib, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.

Shuningdek, Ilhom Umrzoqov iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari — Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktor lavozimiga tayinlandi.

Gazeta.uz’ning yozishicha, u Tokio universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini O‘zbekiston Markaziy bankida yetakchi iqtisodchi sifatida boshlagan, shuningdek, Xalqaro zaxiralarni boshqarish departamentida ishlagan. Keyinroq Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Makroiqtisodiy siyosat, tahlil va prognozlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabini boshqargan (2020-2021 yillar).

Ilhom Umrzoqov Jahon bankida (2021−2024), shuningdek, Xalqaro valuta jamg‘armasida (2022−2024) ijrochi direktor maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2024 yilning mayidan beri Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktori sifatida ishlab kelayotgan edi.

Jasur Qarshiboyev
Foto: Kun.uz
Murod Otajonov

Bundan tashqari, iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Jasur Qarshiboyev hamda G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Murod Otajonov lavozimlaridan ozod etildi. Ular mos ravishda iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi hamda Pensiya jamg‘armasi direktori bo‘ldi. Ular 2023 yil avgust oyida vazirlik tizimida ishlay boshlagandi.

Abdulaziz Haydarov
Foto: Kun.uz

 

Shu kungacha iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Abdulaziz Haydarov G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. U vazirlikdagi ishigacha Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori lavozimiga ishlagan. Undan avval Moliya vazirligining davlat organlari, prokuratura va sud tizimi faoliyatini moliyaviy ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Mavzuga oid