O‘zbekiston | 15:30 / 17.12.2024
553
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya O‘zbekistonda rezinotexnika buyumlarini ishlab chiqarmoqchi

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning Kossan Rubber Industries Berhad kompaniyasining asoschisi va bosh ijrochi direktori Lim Kuang Sia bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: "Dunyo" AA

Unda O‘zbekistonda tibbiy va maishiy qo‘lqoplar, texnik rezina buyumlarini hamkorlikda ishlab chiqarish istiqbollari muhokama qilindi.

"Kompaniya Malayziyada lateks va nitril qo‘lqoplar ishlab chiqaruvchi eng yirik korxonalardan biri bo‘lib, sohada dunyoning eng yirik 10 ta ishlab chiqaruvchilar qatoridan o‘rin olgan. Dunyoda raqobatbardoshlikni ushlab turish maqsadida kompaniya ishlab chiqarish jarayoniga innovatsion yechimlar va zamonaviy texnologiyalarni doimiy ravishda joriy qilib boradi. Xususan, 2017 yilda birinchilardan bo‘lib "Halol" sertifikatlangan qo‘lqoplar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi", dedi Lim Kuang Sia.

Malayziya tomoni bilan O‘zbekistonda bir martalik tibbiy va maishiy qo‘lqoplar, turli xildagi rezinotexnika buyumlar ishlab chiqarish, korxonalarga imtiyozli shartlarda lateks xom-ashyosini yetkazib berish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish yuzasida fikr almashildi.

Kompaniya rahbari mamlakat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish uchun kelgusi yilda kompaniya mutaxassislarini O‘zbekistonga xizmat safariga yuborishga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid