Jahon | 22:45 / 01.01.2025
5822
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda portlovchi qurilmalar saqlab kelingan eng katta ombor topildi

Federal qidiruv byurosi xodimlari o‘z fermasi hududida foydalanishga tayyor 150 dan ortiq portlovchi qurilmani saqlab kelgan shaxsni hibsga oldi.

Foto: FQB

AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) xodimlari Virjiniya shtatida erkakni hibsga olish jarayonida portlovchi moddalar yashirilgan yirik omborga duch keldi. CBS telekanalining sud hujjatlariga tayanib ma’lum qilishicha, ombordan foydalanishga tayyor 150 dan ziyod qo‘lbola portlovchi qurilmalar topilgan.

«FQB hududdan 150 dan ortiq portlovchi qurilmani aniqladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu tarixdagi tayyor portlovchi qurilmalarning eng yirik musodarasi bo‘ldi», — deyiladi prokurorning sudga kiritgan da’vosida.

Hibsga olingan Bred Spafford avvaliga kalta stvolli vintovkani noqonuniy saqlagani uchun ushlangan. Shundan so‘ng uning Ayl-of-Uayt okrugidagi fermasida tintuv o‘tkazilgan.

Maydoni sakkiz gektarga yaqin hududni ko‘zdan kechirish natijasida FQB xodimlari rekord miqdordagi tayyor portlovchi qurilmalarga duch kelgan.

Spaffordga qarshi ish bir yil oldin, uning qo‘shnisi fermerdagi portlovchi qurilmalar haqida xabar berganidan keyin boshlangan.

Mavzuga oid