Mayk Jonson AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri etib qayta saylandi
Respublikachi Mayk Jonson AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri lavozimini saqlab qoldi. Respublikachilar partiyasi Senatni ham nazorat qiladi.
Respublikachi Mayk Jonson AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri etib qayta saylandi. Ovoz berish jarayoni 3 yanvar, juma kuni Amerikaning C-SPAN telekanali tomonidan namoyish etildi.
Respublikachilar orasida bo‘linish
Jonson 2023 yil oktyabr oyidan beri Kongress quyi palatasi spikeri lavozimida ishlab kelmoqda. Bu safar uning raqibi demokrat Hakim Jyeffris bo‘ldi. Hozirda Vakillar palatasida jami 434 kongressmen bor: 219 respublikachi va 215 demokrat. Birinchi ovoz berishda Jonson 216, Jyeffris 215 ovoz oldi. Uch nafar respublikachi partiyadoshini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. Qayta ovoz berish chog‘ida ulardan ikkitasi o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi: Jonson 218 ovoz oldi, bu minimal farq uchun yetarli edi.
AFP xabariga ko‘ra, Respublikachilar partiyasining konservativ qanoti Jonsondan norozi. U budjet loyihasini qabul qilishda avvalroq demokratlar bilan murosa qilganlikda ayblanmoqda.
Donald Trampning munosabati
«Spiker Mayk Jonsonni Kongressda misli ko‘rilmagan ishonch votumi olgani bilan tabriklayman. Mayk buyuk spiker bo‘ladi va bundan mamlakatimiz foyda ko‘radi», — deb yozdi Donald Tramp Truth Social sahifasida.
«Vakillar palatasi spikeri sifatida buyuk mamlakatimizga xizmat qilishda davom etish — aql bovar qilmaydigan sharaf. Endi ishga kirishaylik», deb yozgan Jonson X ijtimoiy tarmog‘ida. Qayta saylanganidan keyin qilgan chiqishida, u Tramp va Ilon Mask tomonidan taklif qilingan hukumat xarajatlarini qisqartirishni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
«Biz yuqori inflatsiyani yengishimiz mumkin. Amerikaliklarga erkin nafas olishiga imkon beramiz va Trampning soliq imtiyozlarini uzaytiramiz. Biz hukumat hajmini tubdan qisqartiramiz, hokimiyatni xalqqa qaytaramiz», — dedi Jonson.
Oxirgi saylovlar natijalariga ko‘ra, Respublikachilar partiyasi AQSh Senatida (yuqori palata) ham ko‘pchilikni tashkil etadi: demokratlardagi 47 o‘ringa qarshi 53 o‘rin.
Mavzuga oid
14:24
Donald Trampning rafiqasi haqida film suratga olinadi
18:50 / 05.01.2025
AQShda temiryo‘l ko‘prigi poyezd harakati vaqtida qulab tushdi
15:48 / 04.01.2025
Afg‘on urushi uchun SSSRga sanksiyalar qo‘llagan va AQShni 4 yil boshqarib tarixda qolgan Jimmi Karter
23:14 / 03.01.2025