AZAL samolyotining qora quti ma’lumotlari Qozog‘istonga berildi
Registratorlardan olingan ma’lumotlar mutaxassislar tomonidan o‘rganiladi va dastlabki xulosaga kiritiladi.
Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasining Oqtov yaqinida halokatga uchragan samolyoti qora qutilaridan Braziliyada olingan ma’lumotlar Qozog‘istondagi maxsus komissiyaga berildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
«Transport vazirligining Havo kemasi halokatini tekshirish komissiyasi ICAO 13 ilovasi standartlari va tavsiya etilgan amaliyotiga muvofiq, barcha faktlar va materiallar batafsil o‘rganilgandan so‘ng, aniqlangan ma’lumotlarni taqdim etadigan dastlabki hisobotni va tergovning borishi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qiladi», deyiladi xabarda.
Registratorlarning Qozog‘istonga yetib kelgan ma’lumotlari mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.
Avvalroq Qozog‘iston Transport vazirligi aviahalokatning dastlabki sabablari 30 kun ichida e’lon etilishini ma’lum qilgandi.
25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchayotgan Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida halokatga uchradi. Hodisada 38 kishi halok bo‘ldi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, «Rossiya havo hududida yuz bergan fojiali voqea» uchun uzr so‘radi. Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, samolyot Rossiya hududida «tashqi ta’sirga uchragan», shu tufayli Rossiya aviahalokatda «aybini tan olishi», aybdorlar jazolanishi va jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak.
Embraer 190 samolyoti Braziliyada ishlab chiqariladi. Shu tufayli tergovga ushbu mamlakat vakillari ham jalb qilingan.
Mavzuga oid
17:21
Qozog‘istonda korrupsioner amaldorlarning oshkora ro‘yxati tuziladi
21:41 / 14.01.2025
AZAL samolyoti qora qutilari halokat haqida tarqalgan ba’zi ma’lumotlarni tasdiqlamaydi - Sergey Lavrov
21:39 / 14.01.2025
Qozog‘iston xorijliklar uchun bank kartalarining amal qilish muddatini chekladi
17:34 / 13.01.2025