Jahon | 07:30
8457
14 daqiqa o‘qiladi

BAA taraqqiyoti: asoschi otalar va ularning davomchilari kim?

Birlashgan Arab Amirliklari mustaqillik, federal hamkorlik va tinch-totuv davlatchilikning 54-yiliga qadam qo‘ydi. Bu davrda erishilgan olamshumul yutuqlar neft omilidan tashqari, avvalo samarali boshqaruvning mevasi bo‘ldi. Xo‘sh, bu boshqaruvchilar kim? Ushbu maqolada BAA prezidentlari va bosh vazirlari – Abu Dabi va Dubay amirlari haqida hikoya qilinadi.

Kollaj: Kun.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev uch kunlik amaliy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib qaytdi. Nufuzli xalqaro tadbirlar va yuqori darajadagi xalqaro uchrashuvlar o‘tkazish uchun allaqachon dunyodagi eng maqbul lokatsiyalardan biriga aylangan Abu Dabi navbatdagi nufuzli tadbirda o‘z mehmonlarini qabul qildi.

BAAning global raqobatbardoshlik ko‘rsatkichlaridagi yuqori reytinglari, uning keng qamrovli rivojlanish strategiyasi, innovatsion davlat boshqaruv tizimi, xizmatlar va qulayliklarni taqdim etishdagi mukammalligi hamda global investorlar, ijodkorlar va iste’dodlarni jalb qilishdagi samaradorligi yana bir bor namoyish qilinmoqda.

BAA yashash va ishlash uchun eng maqbul joy sifatida arab va Ko‘rfaz hamkorlik kengashi davlatlari orasida yetakchilik qilyapti. US News & World Report o‘tkazgan so‘rovda, BAA hayot sifati, ko‘ngilochar tadbirlar, mehnat bozori va daromad darajasi bo‘yicha mintaqada birinchi va jahon miqyosida 33-o‘rinni egallagan.

Mazkur maqolada birlashgan amirliklarning shu singari ajoyib natijalari va taraqqiyot yo‘lining dastlabki bosqichlarida pessimistlarning umidsiz bashoratlari asossiz ekanini isbotlab qo‘ygan yetakchilar haqida hikoya qilinadi.

Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon – zamonaviy amirlik asoschisi

150 yillik hukmronlikdan so‘ng, 1968 yilda Buyuk Britaniya Fors ko‘rfazidan chiqib ketishini e’lon qildi. Bu holat mahalliy hukmdorlarni siyosiy bo‘shliq holatiga yuzlantirgan bir vaqtda, Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon (1918-2004) yetakchilikni qo‘lgan oldi va Dubay amiri Shayx Rashid bin Said Ol Maktum bilan birgalikda kuchli davlat barpo qilishga kirishib, qolganlarni ham bunga ishontira oldi.

1971 yil 2 dekabrga kelib, rasmiy ravishda BAAni tashkil etishda yetti amirlik Shayx Zoidga ergashdi. “Ittifoqqa bo‘lgan ishonchimiz arab va islomiy merosimizdan kelib chiqadi”, – degan edi Shayx Zoid ittifoq zaruriyatini ta’kidlab. Shu tariqa, u imkonsizdek ko‘ringan ishni uddaladi va kelajakda global davlat maqomini oladigan yangi davlatning asoschisi bo‘ldi.

Ma’lumki, “BAA mo‘jizasi” asosida qora oltin – neft yotadi. Lekin hamma faqat gap bunda emas. Neft va gaz singari qimmatbaho boyliklarga ega davlatlar oz emas va ularning hammasi ham bu boyliklardan foydalanib o‘z mo‘jizalarini yaratolgani yo‘q. Shayx Zoid neft bilan nima qilish mumkinligini va uning oxiri ham borligini yaxshi bilardi. Shuning uchun u butun faoliyatida neftdan samarali, oqilona, adolat bilan foydalanish harakatida bo‘ldi.

“Xudo xalqimizga ato etgan neft boyligi vatandoshlarimiz hayotini yaxshilash va millatimiz kelajagini yuksaltirish uchun xizmat qilishi lozim... Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lish uchun, eng avvalo, bu boylikni mamlakatimizni obod qilish, xalqimizga farovonlik va yuqori turmush darajasini ta’minlash yo‘lida oqilona sarflashimiz kerak”, – degandi u.

Shayx Zoid arab-islom an’analari negizida farovonlik, adolat va qadr-qimmatga asoslangan yangi jamiyat qurishni maqsad qilgan, milliy boylikni adolatli taqsimlashni o‘z burchi deb bilgan. Shu boisdan, o‘zining mashhur hikmatiga amal qildi:

“Agar boylik xalq farovonligi va rivojiga xizmat qilmasa, u hech qanday qiymatga ega emas”.

BAA ta’sis qilingan vaqtda xorijiy kuzatuvchilar amirliklarning qo‘shnilari bilan (xususan Eron) kelishmovchiliklari va hatto ichkarida, amirliklar o‘rtasida ham hali mavjud bo‘lgan tafovutlarga ishora qilib, qiyinchilik va boshboshdoqlik ro‘y berishini bashorat qilgan edi. Shayx Zoid esa ko‘proq optimist edi va o‘sha dastlabki pessimistlarning bashoratlari asossiz ekanini isbotladi. Bugungi kunda BAAni tavsiflovchi farovonlik, totuvlik va zamonaviylik kabi ta’riflar – asoschilarning uzoqni ko‘zlagan qarashlari va qat’iyati tufayli ekaniga shubha yo‘q.

Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon – ikkinchi prezident

BAA – sulolaviy boshqaruvdagi mamlakat. 7 ta amirlikning har birini alohida hukmdorlik oilasi boshqaradi. Mamlakatga asos solingan 1971 yildan buyon davom etib kelayotgan an’anaga ko‘ra, Abu Dabi amiri mamlakat prezidenti va qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni, Dubay amiri esa vitse-prezident va bosh vazir bo‘ladi. Amirlar vafot etganida, ularning o‘g‘li yoki yaqin erkak qarindoshi taxtga o‘tiradi.

Shunga ko‘ra, Shayx Zoid 1971 yildan to vafotiga qadar, 2004 yilgacha BAA prezidenti va Abu Dabi amiri bo‘lib qoldi. Amalda esa 1990-yillarning oxiridan – davlat rahbarining sog‘ligi yomonlasha boshlagan paytdan boshlab, to‘ng‘ich o‘g‘li Shayx Xalifa uning islohotlarini davom ettirdi.

“Har qanday ilg‘or davlatning asl boyligi – uning xalqidir, ayniqsa, bilimdonlari. Xalqning farovonligi va muvaffaqiyati ularning bilim darajasi bilan o‘lchanadi”, – degan ikkinchi prezident o‘z faoliyatida inson kapitalini rivojlantirishga asosiy urg‘u qaratdi.

Shayx Xalifa amirliklarda hayot sifatini yaxshilash, mamlakatning eng yuqori natijalar va taraqqiyot maqsadlariga erishish maqsadida bir qancha tashabbus va qarorlar qabul qildiki, provardida bu qarorlar BAAni global iqtisodiyotning mintaqaviy markaziga aylantirdi.

U mamlakat iqtisodini neftga qaramlikdan olib chiqish yo‘lidagi muqobil manba sifatida fan, texnologiya va innovatsiyalarning ahamiyatini yaxshi tushungan. Shu maqsadda 2015 yilni innovatsiyalar, 2016 yilni esa kitobxonlik yili deb e’lon qilgan, shu orqali milliy kadrlarni shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuchaytirishni maqsad qilgan edi.

“Inson kapitali – bu mamlakatning haqiqiy boyligi, neftdan oldin ham, keyin ham shunday bo‘ladi. Vatandoshlar manfaatiga xizmat qilish – biz har kuni intiladigan maqsad. Inson resurslarini shakllantirish ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishning markaziy qismidir”, – degan edi Shayx Xalifa.

Ikkinchi prezident boshqaruvining yana bir yutug‘i – u mamlakatga ishlash uchun kelgan xorijlik ishchilarga munosib mehnat sharoiti va turmush tarzini va’da qilib, ularni yagona maqsad – BAA taraqqiyoti yo‘lida birlashtirdi. U mamlakatdagi ishchi kuchining 85 foizi xorijliklar ekanini nazarda tutib, shunday degandi:

“Tirikchilik Allohdan, pul Allohniki, yer Allohniki, inoyat Allohnikidir, biz hammamiz Allohnikimiz. Yaratganga ishongan kishi hech qachon mag‘lub bo‘lmaydi va bizga kelganlar, xush kelibsiz”.

Shayx Xalifa federal hukumatni ham, Abu-Dabi hukumatining ham yirik qayta qurilishiga raislik qildi. Shayx Xalifa amirliklar ehtiyojlarini o‘rganish uchun BAA bo‘ylab keng sayohatlar uyushtirib, uy-joy, ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan bog‘liq qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Uning boshqaruv yillarida BAA iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan darajada o‘sdi, Yaqin Sharqning sayyohlik, savdo va moliyaviy markaziga aylandi.

Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon – uchinchi prezident

Shayx Xalifaning vafotidan so‘ng, 2022 yilda BAA prezidenti va Abu Dabi amiri vakolatlari mamlakat asoschisining uchinchi o‘g‘li Shayx Muhammadga o‘tdi.

Shayx Muhammad – harbiy. U Angliyaning Sandherst shahridagi qirollik harbiy akademiyasini tamomlab, so‘ng BAA Qurolli Kuchlarida xizmat qilgan, 2005 yilda general unvonini olgan. 2004 yildan boshlab BAA Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondonining o‘rinbosari lavozimida bo‘lgan. U amirliklar xavfsizligiga bevosita rahbarlik qilgan va qilayotgan davr dunyoda terrorchilik hujumlari avj olgan, Yaqin Sharqda turli radikal guruhlar faollashgan vaqtga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay, BAA jahonning eng tinch mamlakatlari reytinglarida doimiy ravishda eng yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Amaldagi prezident otasi va akasining izidan borib, mamlakatni yanada jipslashtirishga harakat qilmoqda. Iqtisodiyotda asosiy e’tibor – uzoq istiqbolda neftga qaramlikni tugatish uchun iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, Norvegiya modeli kabi strategiyalarni jiddiy tatbiq qilishga qaratilmoqda.

Shayx Rashid bin Said Ol Maktum – Dubay poydevorini qurgan hukmdor

Shayx Rashid 1958 yildan 1990 yilgacha (vafotiga qadar) Dubay hukmdori bo‘lgan. U, shuningdek, 1971 yildan umrining oxirigacha BAA vitse-prezidenti va bosh vaziri edi. Shayx Rashidning boshqaruvi davrida Dubay Yaqin Sharqdagi eng muhim logistik nuqtaga aylandi, jahon moliyaviy va biznes xaritasidan mustahkam joy oldi.

1970 yillarning boshlarida Shayx Rashid Dubay amirligida ulkan shahar, dengiz porti va aeroportlar bo‘lishini aniq tasavvur qilgan. Uning qarashlariga ko‘ra, Dubay infratuzilmasini rejalashtirish aholining tezkor ehtiyojlariga javob berishga qaratilmasligi, balki shaharning kelajakdagi rivojlanishi haqidagi ulkan g‘oyalar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak edi va u buni amalga oshira oldi.

1985 yilda Shayx Rashid BAA va mintaqadagi birinchi erkin iqtisodiy zona – Jyebel Alini ochdi. Yillar o‘tib, bu zona raqobatdosh erkin hududlar uchun namunaga aylanib, BAAning asosiy daromad manbalaridan bo‘lgan logistika sektorining asosini tashkil etdi. Dubay hukmdori fidoyi va mehnatsevar amaldorlarni rag‘batlantirishi ularni ilhomlantirgan, Dubay muvaffaqiyatining kaliti bo‘lgan o‘ziga xos rivojlanishga zamin yaratgan.

Shayx Maktum bin Rashid Ol Maktum — “savdogar shahzoda”

Shayx Maktum bin Rashid Ol Maktum 1990–2006 yillarda Dubayni boshqarib, uni Yaqin Sharqning birinchi raqamli savdo markaziga aylantirdi. Uning boshqaruv falsafasi asosida “savdo va siyosat alohida dunyolarda yashashi kerak” degan g‘oya yotar edi.

Fors ko‘rfazida neft topilishidan ancha oldin Dubay Arabiston va Hindiston yarimoroli o‘rtasidagi strategik yo‘nalishda joylashgan, rivojlangan savdo markazi edi. U neft va gazga emas, aynan mazkur qulay joylashuvga urg‘u bergan. Mohiyatan, bu omil bugungi kunda Dubayning asosiy roli bo‘lib qolmoqda.

Dubay o‘zining muhim rolini yo‘qotmasligini ta’minlash uchun Shayx Rashid ham, Shayx Maktum ham ikki shart har doim bajarilishiga intildi. Birinchisi, Dubay u yerda savdo qilmoqchi bo‘lgan barchaga o‘z eshiklarini ochishi va ularni barcha zarur qulayliklar bilan ta’minlashi shart. Ikkinchidan, siyosatning savdoga aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Ular buni uddaladi va mazkur falsafa Dubay taraqqiyotining asosiy ikki ustuni bo‘lib kelmoqda.

Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum – Dubayning amaldagi hukmdori

Shayx Muhammad bin Rashidning Dubay amiri, BAA vitse-prezidenti va bosh vaziri sifatidagi faoliyati 2006 yil 4 yanvardan boshlangan. U 2007 yilda BAA bo‘ylab barqaror rivojlanishga erishish, federal resurslardan yanada samarali foydalanish, federal tuzilmalar bo‘yicha hisobdorlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan BAA hukumati strategiyasini e’lon qildi.

2010 yilda BAA hukumati “Vision 2021” dasturini ishga tushirdi. Bu dastur BAAning 2021 yilgacha bo‘lgan rivojlanishining keyingi bosqichini belgilab, 2021 yilda ittifoqning oltin yubileyi – mustaqillikning 50 yilligi paytiga BAAni dunyoning eng yaxshi mamlakatlari qatoriga kiritishni maqsad qilgan edi va u bunga erishdi.

Kelgusi marra – BAA tashkil topganiga 100 yil to‘ladigan 2071 yil uchun ham rejalar ishlab chiqilgan. Kelajakka sarmoya kiritish maqsadida, Muhammad bin Rashid 2021 yildan keyingi 50 yilga mo‘ljallangan “BAAning yuz yilligi – 2071”ni e’lon qildi. Bu reja amirliklarning nufuzi va yumshoq kuchini mustahkamlash choralarini qamrab oladi.

Shayx Muhammad bin Rashid o‘z boshqaruv tamoyillarini “Mening hikoyam” nomli kitobida bayon qilgan. Bu tamoyillar mamlakatda “O‘nta amr” deb ataladi. Ular quyidagilar:

1. Odamlarga xizmat qiling!
2. Kresloga sig‘inmang!
3. Reja tuzing!
4. O‘zingizni kuzatib boring!
5. Ish jamoangizni tuzing!
6. Yangilik kiriting yoki chekining!
7. Muloqot qiling!
8. Har doim raqobat bor!
9. Liderlarni yarating!
10. Hayotni o‘zgartiring!

Ajoyib notiq va benazir shoir Shayx Muhammad bin Rashidning ilhomlantiruvchi aforizmlari ham mamlakat yoshlari orasida mashhur. Masalan:

  • “Bizning nigohimiz o‘tkir, maqsadlarimiz aniq, resurslarimiz ulkan, irodamiz kuchli va oldindagi qiyinchiliklarga qarshi turishga tayyormiz”.
  • “Dubay iqtisodiyotining asosi – neft emas, savdo”.
  • “Men xato qiladigan odamlarga murosali bo‘lishim mumkin, lekin umuman harakat qilmaydiganlarga – aslo”.

Dubay boshqaruvchilarining siyosiy falsafasiga ko‘ra, yangi avlod ajdodlari chekkan azoblardan xabardor bo‘lishi kerak. Bu xabardorlik ota-bobolar boshlagan qurilish va taraqqiyot dostonini nihoyasiga yetkazish uchun ularga g‘ayrat va qat’iyat beradi.

Ular yutuqlar va hissalar haqidagi bu qissalarga o‘nlab yillik tartibsizlik, qoloqlik va mahrumlikdan keyingi milliy orzu-niyatlarning timsoli deb qaraydi.

Shavkat Ikromov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti

Mavzuga oid