O‘zbekiston | 13:13
3980
2 daqiqa o‘qiladi

«Tashabbusli budjet»ga ayrim o‘zgarishlar kiritildi

Endilikda «Tashabbusli budjet» uchun har yili tuman va shahar budjetidan 10 tadan kam bo‘lmagan, ko‘pi bilan 30 ta loyiha uchun yetarli mablag‘ ajratilishi kerak. Loyihada avtomobillar va mansabdorlar uchun mebellar xaridi taqiqlandi, moliyaviy mustaqil OTMlar ishtiroki to‘xtatildi.

Foto: Kun.uz

Senat Kengashining qarori bilan, «Tashabbusli budjet» jarayonini o‘tkazish bo‘yicha amaldagi tartibga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, har yili tuman va shahar budjetidan 10 tadan kam bo‘lmagan, ko‘pi bilan 30 ta loyiha uchun yetarli mablag‘ ajratilishi belgilandi. Bunda, 10 tadan ortiq loyiha uchun mablag‘lar tuman yoki shahar aholisining tegishli hududdagi ulushidan kelib chiqib taqsimlanadi.

Ma’lumot uchun, hozirgi kunda loyihalarning eng yuqori chegaraviy qiymati 1,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, tuman va shahar budjetidan ajratiladigan mablag‘larning eng kam miqdori 15 mlrd so‘m, eng yuqori miqdori esa 45 mlrd so‘m etib belgilandi.

Shuningdek, endilikda o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tganini inobatga olgan holda, joriy yil 1-mavsumdan boshlab moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining «Tashabbusli budjet»da ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.

Ijtimoiy muammolarga ko‘proq e’tibor qaratish maqsadida, tashkilotlar tomonidan barcha turdagi avtomobillar, jamoat xavfsizligini ta’minlashga oid jihozlar (radar, jamoat joylaridagi kuzatuv kameralari, «svetofor»), rahbar xodimlar uchun mebel jihozlarini xarid qilish ham taqiqlandi.

Mavzuga oid